Ukrainadagi urushda Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni kim?

Olam

image

AQSH Rossiya Ukrainadagi urushga rahbarlik qilish uchun mas’ul qo‘mondon tayinlaganmi yoki yo‘qligini aniqlay olmadi. Bu haqda CNN telekanali bir qator manbalarga tayanib, xabar bermoqda.

Pentagonning ikki rasmiysi Ukraina bilan urushda qatnashayotgan Rossiyaning turli hududlaridagi jangovar bo‘linmalar o‘z harakatlarini yagona qo‘mondonbilan muvofiqlashtirish o‘rniga resurslar uchun raqobatlashayotganini aytgan.

Nashrning yozishicha, Ukraina hududida turli yo‘nalishlarda harbiy harakatlarga jalb qilingan bo‘linmalar haligacha birlasha olmagan va amalda mustaqil ravishda, hech qanday operativ rejasiz ishlamoqda.

Shuningdek, ruslar jiddiy aloqa muammosiga duch kelgani taxmin qilinmoqda. Askarlar va qo‘mondonlar ba’zan odatiy mobil telefonlar va boshqa himoyalanmagan aloqa kanallari orqali muloqot qilishadi, bu esa ukrainalik jangchilarga qarshi hujumlar uchun ularni ushlab qolishni osonlashtiradi.

Manbalarning ta’kidlashicha, bularning barchasi AQSH va G‘arb rasmiylarini hayratda qoldiradigan tartibsiz operatsiyaga olib kelgan.

Agarda Rossiya bildirmay bosqinni nazorat qilish uchun qo‘mondonni tayinlagan bo‘lsayu AQSH uning shaxsini aniqlay olmagan bo‘lsa, jangovar vaziyat bu odamning “layoqatsiz” ekanligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda ko‘plab yuqori martabali rus zobitlari Ukrainada o‘ldirilgani qayd etilgan, bu ruslarning qo‘mondonligi va nazorati “muvaffaqiyatsiz bo‘lganidan” dalolat beradi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

83

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing