Ukrainadagi urush fonida Makronning reytingi oshdi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Fransiyaning amaldagi Prezidenti Emmanuel Makronning reytingi hafta davomida 8,5 foiz punktga ko‘tarilib, 33,5 foizni tashkil qildi. Buni “Elabe” sotsiologik xizmati tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov tasdiqlagan.  

Makronning birinchi turdagi eng yaqin raqibi va ikkinchi turga “Milliy birlashma” partiyasidan nomzod Marin Le Penga so‘rovnoma ishtirokchilarining 15 foizi ovoz berishga tayyor bo‘lgan. Ammo Le Pen bir hafta ichida o‘z reytingida ikki foiz punkt yo‘qotgan bo‘lsa, “Bo‘ysundirilmagan Fransiya” so‘l harakati vakili Jan-Lyuk Melanshon, aksincha, 0,5 foiz punktga ega bo‘lib, 13 foiz bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi. 

Qayd etilishicha, Ukraina kun tartibi fonida Makronning prezidentlikka qayta saylanish imkoniyati sezilarli darajada oshgan. 

So‘rovnoma internet orqali 7-8 mart kunlari o‘tkazilgan. Unda Fransiyaning Yevropa qismining 18 yoshdan oshgan 1580 nafar aholisi ishtirok etgan. Fransiyada prezidentlik saylovlari ikki turda – joriy yilning 10 va 24 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon Makron qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. U shu paytgacha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bir necha marotaba suhbatlashdi. U Putin bilan muzokaralardan so‘ng Ukrainadagi vaziyat yanada yomonlashishi mumkinligini aytdi.  

Kecha, 8 mart kuni esa Makron Xitoy rahbari Si Szinpin va Germaniya kansleri Olaf Shols bilan virtual uchrashuv o‘tkazdi. Unda uch davlat Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni birgalikda qo‘llab-quvvatlashi kerakligi aytildi. 

Shuningdek, 6 mart kuni Makron Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan suhbatlashgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing