Ukrainadagi rus qo‘mondonlari bevosita Putinga hisob beryapti – ISW

Olam

image

Ukrainada Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlariga boshchilik qilayotgan qo‘mondonlar katta ehtimoli bilan Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga emas, balki bevosita Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga bo‘ysunadi. Bu haqda AQSHning Urushni o‘rganish instituti  (Institute for the Study of War) o‘z hisobotida ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, shu tariqa Ukrainadagi rus qo‘shinlari qo‘mondonlari qo‘mondonlik tizimida Rossiya Mudofaa vazirligi va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovni chetlab o‘tyapti.

ISW'ning hisobotiga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning dastlabki bosqichi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Prezident Vladimir Putinning ishonchini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Vaholanki, Shoygu Ukrainadagi urushda tezda g‘alaba qozonishga ishontirgan. 

Shuningdek, ISW hisobotida Prezident Putin Ukrainada urush masalasini Shoygu bilan emas, Markaziy okrug qo‘mondoni Aleksandr Lapin va  Rossiya Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni Sergey Surovikin bilan muhokama qilayotgani aytilgan.

“Manbalarning ta’kidlashicha, hozir Putin Shoyguni chetlab o‘tib, Ukrainadagi “Markaziy” qo‘shinlar guruhini boshqarayotgan Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni Aleksandr Lapin va Rossiya Aerokosmik kuchlari va “Janubiy” qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Sergey Surovikin bilan bevosita muloqot qilmoqda”, deyiladi Amerika Urushni o‘rganish markazining hisobotida.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing