Ukrainadagi “maxsus operatsiya”ga ulkan mablag‘ kerak – Rossiya Moliya vaziri

Olam

image

Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiyasi” ulkan mablag‘ talab qilmoqda. Bu haqda RF Moliya vaziri Anton Siluanov Moliya universitetit so‘zlagan nutqi davomida aytib o‘tgan.

“Pensiya uchun katta mablag‘lar – bu yil 600 milliard, kelasi yili bir trillion va undan keyin ham xuddi shunday hajmlar [yo‘naltiriladi]. “Maxsus operatsiya”ni o‘tkazish uchun pul, katta resurslar ham kerak. Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun fuqarolar ham pulga muhtoj”, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Interfaks”.

Siluanovning so‘zlariga ko‘ra, “byudjetni rag‘batlantirish”ning umumiy miqdori – iqtisodiyot va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflangan mablag‘lar allaqachon sakkiz trillion rublga yetgan.

“The Moscow Times” gazetasi Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2022 yil fevral oyida federal byudjetda milliy mudofaa uchun 369 milliard rubl, mart oyida – 450 milliard rubl, aprelda – 628 milliard rubl ajratilgan.

24 may kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Rossiya Ukrainada “maxsus operatsiya”ni yakunlashga shoshmayotganini aytdi. Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu, o‘z navbatida, Rossiya armiyasi “tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmasligi uchun hujum tezligini ataylab sekinlashtirayotganini” aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

22

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing