Ukrainada urush: Yevropadagi eng katta AESga hujum boshlandi
Olam
−
04 mart 2022
24020Ukrainaning Zaporoje atom elektr stansiyasi jang maydoniga aylandi. AES xodimlarining UNIANga ma’lum qilishicha, stansiyaga Rossiya Milliy gvardiyasining Checheniston bo‘linmasi harbiylari hujum qilgan.
“Aniq “qodirovchilar. Ular hozir uni minalashtirib, butun Yevropani shantaj qiladi”, degan AES xodimi.
Stansiya Matbuot kotibi Andrey Tuzga ko‘ra, Rossiya harbiylari Zaporoje AESning birinchi energoblokiga kirishgan.
AES hududida yong‘in yuzaga kelgan. Hududda janglar bo‘layotgani sabab o‘t o‘chiruvchilar alangani bartaraf etolmagan.
“Zaporoje AESda yong‘in! O‘t o‘chiruvchilar alangalanish joyiga yetib borolmaydi va oqibatlarini bartaraf eta olmaydi - ular aniq o‘q uzadilar”, degan Tuz.
Uning aytishicha, ushbu quvvat bloki tarmoqqa bir hafta avval ulangan, bir necha kun avval esa rejali ta’mirlash holatiga o‘tkazilgan.
“Yadro yoqilg‘isi yadroviy reaktor ichida. Hali tushirib olinmagan. Bundan tashqari, markaziy zalda yadro yoqilg‘isini to‘ldirish va saqlash hovuzi mavjud bo‘lib, unda uran va yadro yoqilg‘isi yig‘indilari ham mavjud”, degan u germetik qoplamaga shikast yetishi mumkinligini aytib.
Radiatsion fonning buzilgani haqida hozircha ma’lumot mavjud emas.
Energodar meri Dmitriy Orlovning so‘zlariga ko‘ra, Zaporoje AESda jarohatlanganlar bor.
“Kecha, soat 16:30 atrofida dushman zirhli texnikasi shaharga bostirib kirdi, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri AES tomon yo‘l olishdi. Olov bor edi. Yaradorlar bor... Yaradorlar soni haqida menda ma’lumot yo‘q. Ularning ahvoli haqida: og‘ir yaralanganlar ham bor. Ularni shifoxonaga olib borishning iloji yo‘q”, degan Orlov.
Ma’lumot uchun, Zaporoje atom elektr stansiyasi Yevropadagi eng katta AES hisoblanadi. Unda 6 ta energoblok mavjud va barchasi ishlaydi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi