Ukrainada urush boshlanganidan beri qancha tinch aholi o‘ldirilgani aytildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan beri 4074 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 4826 nafar fuqaro jarohatlangan. Halok bo‘lganlar orasida 262 nafar bola ham bor. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Donetsk va Lugansk viloyatlarida 2307 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 2730 nafari yaralangan. Tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari nazoratidagi hududlarda esa 136 kishi halok bo‘lgan, 569 kishi jarohatlangan.

Avval Ukraina hukumati nazoratida bo‘lgan viloyatlarda 2171 kishi halok bo‘lgan, 2161 kishi yaralangan. Ukrainaning boshqa hududlarida esa 1767 kishi halok bo‘lgan, 2096 kishi jarohat olgan.

“Tinch aholining aksariyati katta vayronagarchilik maydonida portlovchi qurollardan foydalanish, jumladan, og‘ir artilleriya va yalpi hujum reaktiv tizimidan o‘qqa tutilishi, raketa va havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Oliy komissar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, tinch aholi orasidagi qurbonlarning haqiqiy soni ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki janglar davom etayotgan hududlarda hisoblash qiyin. Hisobotga kiritilmagan ayrim raqamlar hali ham tasdiqlanishini kutmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukraina bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing