Ukrainada Rossiyaning ayrim talablarini qabul qilib bo‘lmasligi aytildi
Olam
−
15 mart 2022
13694Ukraina Rossiya bilan muzokaralar olib borishda, avvalgidek, kelajakda o‘zi uchun xavfsizlik kafolatlarini izlamoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Igor Jovkva kecha, 14 mart kuni kechqurun Germaniyaning ARD telekanali efirida aytdi.
“Biz bu holat boshqa takrorlanmasligini istaymiz”, dedi Jovkva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida “tinch yechim, harbiy harakatlar to‘xtatilgandan keyin Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari”ga oid mulohazalar bildirilgan.
Zelenskiy idorasi rahbari o‘rinbosari, shuningdek, Rossiya talablarining “ayrimlari, hududiy da’volar bilan bog‘liq bo‘lganlari, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, boshqa masalalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish mumkin, lekin faqat “Ukraina uchun kelajakdagi xavfsizlik kafolatlari”ni hisobga olgan holda.
Kecha Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning to‘rtinchi raundi onlayn formatda bo‘lib o‘tdi. Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda 15 martgacha texnik tanaffus qilingan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15