Ukrainada qurbonlar soni 1 500 dan oshdi

Olam

image

Ukrainada urush boshlanganidan beri eng kamida 1 611 tinch aholi halok bo‘ldi, yana 2 227 kishi yaralandi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi bayonotida ma’lum qilindi

Qayd etilishicha, tinch aholining katta qismi o‘q-dorilar va portlovchi moddalar, jumladan, og‘ir artilleriya va ko‘plab raketa hujumlari, shuningdek raketa va havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan, jarohatlangan. 

Bayonotga ko‘ra, haqiqiy raqamlar ancha yuqori, chunki shiddatli janglar davom etayotgan ba’zi joylardan ma’lumotlarni olish qiyin va ko‘plab hisobotlar hali ham tasdiqlanmagan. Bunday holatlar, xususan, Mariupol va Volnovaxa (Donetsk viloyati), Izyum (Xarkov viloyati), Severodonetsk va Rubijniy (Lugansk viloyati), Trostyans (Sumi viloyati) hududlarida kuzatilmoqda. 

Avvalroq, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan beri 4 million 101 ming 951 nafar tinch aholi mamlakat chegarasini kesib o‘tib, qo‘shni davlatlardan panoh topgani haqida ma’lum qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing