Ukraina janubda qarshi hujum boshladi
Olam
−
30 avgust 2022
15288Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) mamlakat janubidagi bir qator hududlarda hujum boshladi. Bu haqda “Janub” xavfsizlik va mudofaa kuchlari qo‘shma matbuot markazi rahbari Natalya Gumenyuk ma’lum qildi. U kecha, 29 avgust kuni Xerson viloyatida ham hujum amaliyotlari olib borilayotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, “Kaxovka” tezkor guruhi Ukraina qo‘shinlari Xerson viloyatida Rossiya Qurolli Kuchlarining birinchi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgani haqida xabar berdi. Ukraina hujumi natijasida o‘zini “Donetsk xalq respublikasi” deb e’lon qilgan 109-polk va rossiyalik desantchilar avval egallab turgan pozitsiyalarini tark etishdi, deyiladi Kaxovka tarqatgan videoda.
Rossiya harbiy komissari Roman Saponkov Xerson va Nikolayev viloyatlari chegarasida, Xersondan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Davidov Brod qishlog‘i hududiga tashrif buyurganini aytdi.
“Dushman hujum qilib, himoyamizni “tishlamoqda”... Aftidan, hammasi jiddiy boshlangandek. Zarbaning asosiy yo‘nalishi qayerda ekani hali aniq emas”, deb yozgan u Telegram-kanalida.
Ayni paytda, Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda ular Ukraina Qurolli Kuchlarining Ukraina janubida hujum boshlangani haqidagi bayonotini rad etishdi. Qrim “boshlig‘i” Sergey Aksenov bu bayonotlar soxta ekanligini da’vo qilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari kecha Nikolayev va Xerson viloyatlarida uchta frontda hujumi “muvaffaqiyatsiz” yakunlangan. Ukraina 560 dan ortiq askarini yo‘qotgani aytilmoqda.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi kechki hujum haqidagi hisobotida hech narsa ma’lum qilmadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi