Ukraina-Rossiya muzokaralarining to‘rtinchi raundi qachon o‘tkazilishi va undagi asosiy mavzular aytildi
Olam
−
14 mart 2022
6997Bugun, 14 mart kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining to‘rtinchi raundi boshlanadi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devonining maslahatchisi Mixaylo Podolyak ma’lum qildi.
“Muzokaralar videokonferensiya formatida tinimsiz davom etmoqda. Ishchi guruhlar faol. Ko‘p sonli masalalar doimiy e’tiborni talab qiladi. 14 mart, dushanba kuni dastlabki natijalarni sarhisob qilish bo‘yicha muzokaralar sessiyasi bo‘lib o‘tadi”, deb yozgan u Twitter’da.
Podolyak muzokaralarning to‘rtinchi raundi murakkab bo‘lishini urg‘ulagan. Unga ko‘ra, bu safar muhim masalalar muhokama qilinadi.
"Muzokaralar — to‘rtinchi raund. Tinchlik, o‘t ochishni to‘xtatish, qo‘shinlarni zudlik bilan olib chiqib ketish va xavfsizlik kafolatlari haqida. Murakkab suhbat", deb yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Avvalroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov TASS agentligiga muzokaralar dushanba kuni videoaloqa orqali davom etishini ma’lum qilgandi.
28 fevral kuni Belarusning Gomel viloyatida birinchi Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tdi, uchrashuv besh soat davom etdi. 3 mart kuni Belovej o‘rmonida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning ikkinchi bosqichi natijalaridan biri tomonlar o‘rtasida aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. 7 mart kuni Brest viloyatida delegatsiyalar uchinchi marta uchrashdi. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi