Ukraina urush sabab qancha zarar ko‘rgani aytildi

Olam

image

Ukraina Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi sababli hozirgacha 326 milliard dollar yo‘qotdi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Denis Shmigal ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Strana” nashri.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Shmigal Bryusselda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi-Ukraina” assotsiatsiyasi kengashi yig‘ilishida Ukraina harbiy amaliyotlardan ko‘rgan zararni 326 milliard dollarga baholayotganini aytdi. Bosh vazir Ukraina hukumati bu miqdorni Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda tekshirishga muvaffaq bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Shmigalning so‘zlariga ko‘ra, vayron bo‘lgan ob’ektlarni tiklash uchun 105 milliard dollar sarflash kerak bo‘ladi.

Aprel oyi o‘rtalarida “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida Ukraina Moliya vaziri Sergey Marchenko Rossiya urush boshlanganidan buyon mamlakat fuqarolik va harbiy infratuzilmasiga yetkazilgan zarar 270 milliard dollarni tashkil etganini aytgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

27

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing