Ukraina urush boshlangandan beri necha milliard yordam olgani ochiqlandi

Olam

image

Ukraina Rossiya qo‘shinlari mamlakatga kiritilgach, u xalqaro hamkorlardan taxminan 18 milliard dollar moliyaviy yordam olgan. Bu summaga Ukraina Qurolli Kuchlari uchun yetkazib berilgan qurol-yarog‘lar narxi kirmaydi. Bu haqda Ukraina Moliya vazirligi ma’lum qildi.

“Ammo 5 milliard dollarlik oylik kamomad hech qachon to‘liq moliyalashtirilmagan”, deyiladi Moliya vazirligi veb-saytidagi press-relizda.

Xabarda asosiy donorlar qatorida AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Fransiya va Italiya sanab o‘tilgan.

Avvalroq Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal mamlakat hukumati davlat byudjeti taqchilligini 2023 yilda oyiga 5 milliard dollardan 3 milliard dollarga tushirmoqchi ekanini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sentyabr oyida Ukraina Yevropa Ittifoqidan 5 milliard dollar, oktyabrda yana 3 milliard dollar miqdorida kredit olishni kutmoqda. Uning ta’kidlashicha, bu yil xalqaro yordam Ukraina byudjeti xarajatlarining 40 foizini qoplashga yetadi.

30 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatni qayta tiklash uchun 600-800 milliard dollar kerakligini aytgandi.Yevropa diplomatiyasi rahbari Xosep Borrelga ko‘ra, muzlatilgan Rossiya oltin-valyuta zaxiralari shu maqsadlarga yo‘naltirilishi kerak.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing