Ukraina urush boshlangandan beri Xersondagi rus askarlariga eng yirik havo hujumini uyushtirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina harbiy havo kuchlari Xerson viloyatidagi rus bosqinchilariga urush boshlangandan beri eng yirik zarbani berdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich “Feygin Live” dasturiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bugun Xerson viloyatida ajoyib voqealar yuz berdi. Zarbalar zichligi nuqtai nazaridan, bizning aviatsiyamiz butun urushda ko‘rmagan natijamizni ko‘rsatdi. Bir vaqtning o‘zida bir reydda taxminan 8-10 samolyot qatnashdi va reydlar bitta bo‘lmadi. Xabardor odamlarning aytishicha, Rossiya havo mudofaasi allaqachon Xerson viloyati uchun umuman ishlamayapti yoki imkoniyatlari juda cheklangan, natijada bu ularga va o‘q-dorilarni saqlaydigan joylarga hujum qilinishiga sabab bo‘ldi”, degan Arestovich.

Arestovich bunday ommaviy hujum parvozlarini butun urush davomida ko‘rmaganini qayd etgan.

“Rostini aytganda, biz tomondan, kun davomida bir necha marta 4-5 juft surbetlarcha [hujum qildi]. Aviatsiya, tushunishimizcha, qurolli kuchlarning juda jiddiy va kuchli tarmog‘i bo‘lib, u jangovar qobiliyatda artilleriyadan ancha ustundir”, degan Prezident devoni maslahatchisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday hujumlar bor-yo‘g‘i bir necha kun davom etsa, Xersondagi Rossiya harbiylarining ahvoli tanglashadi.

Shuningdek, u ba’zi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina samolyotlari Xerson viloyatidagi Dneprning chap qirg‘og‘iga hujum qilganini aytgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing