Ukraina texnogen fojianing oldini olish uchun MAGATEga taklif berdi
Olam
−
24 avgust 2022
3902Zaporoje AESga tashrif buyurgan har qanday MAGATE missiyasi xavfsizlik talablari buzilganligini darhol qayd etadi, shuning uchun Rossiya javobgarlikdan qochyapti. Bu haqda Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa kecha, 23 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi iltimosiga binoan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Ukrinform”.
“Shubhasiz, har qanday missiya, xoh u MAGATE, xoh BMT bo‘ladimi, stansiyada bo‘lganida, yadroviy xavfsizlik me’yorlari va talablarining qo‘pol ravishda buzilishini qayd etadi. Shuning uchun Rossiya javobgarlikdan qochishga harakat qilmoqda. Ammo u muvaffaqiyatga erisha olmaydi”, deydi u.
Kislitsa Ukraina MAGATE bosh direktorining bosib olingan ZAESga xalqaro missiya yuborishga tayyorligini olqishlashini va “bu tashrif Ukraina milliy qonunchiligiga muvofiq va xalqaro majburiyatlarga to‘liq rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim”ligini ta’kidlagan.
Diplomat shuningdek, rasmiy Kiyev vakolatli Ukraina organlari atom inshooti ustidan to‘liq nazoratni tiklamaguncha, MAGATEni o‘z mutaxassislarining doimiy AESda bo‘lishini ko‘rib chiqishga chaqirganini qo‘shimcha qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “bosqinchilar garovga olinganlarning bir qismiga nima deyishi va MAGATEga nimani ko‘rsatishi kerakligini o‘rgatgan”. Shuning uchun missiyani xalqaro hamjamiyat “rus teatri tomoshasini emas, balki haqiqiy vaziyatni” ko‘ra oladigan tarzda o‘tkazish muhimdir.
“Rossiya ob’ektdagi yadro xavfsizligi masalalarini maynabozchilikka, sirkka aylantirmoqda”, deydi diplomat.
Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.
Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi