Ukraina Rossiyaning eng yirik neft kompaniyasi aktivlarini hibsga oldi

Olam 9867
image

Ukraina Davlat tergov byurosi Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasining 115 ta ko‘chmas mulki, hisob raqamlari va korporativ huquqlarini hibsga oldi. Bu haqda byuro Matbuot xizmati xabar berdi.

“Rossiyaning “Tatneft” kompaniyalar guruhining mol-mulki, hisoblari va korporativ huquqlari hibsga olindi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 115 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari, xususan, neft bazalari, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, noturar joy binolari, yer uchastkalari, yoqilg‘i tashuvchi avtomashinalar va yengil avtomobillar hibsga olingan. Mulkning dastlabki qiymati 68,1 million dollarni tashkil qiladi.

Ular korrupsiya va boshqa jinoyatlar natijasida olingan aktivlarni aniqlash, qidirish va boshqarish bo‘yicha Ukraina milliy agentligi boshqaruviga o‘tkaziladi. Davlat tergov byurosining da’vo qilishicha, “Tatneft” Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining bo‘linmalari ehtiyojlari uchun neft mahsulotlarini yetkazib bergan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Jinoyat kodeksining 110-moddasi 3-qismi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yulduz Abdurashidova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 14
Reyting: 2.9
t
×