Ukraina Rossiya ustidan Xalqaro Sudga da’vo kiritdi

Olam

image

Ukraina Rossiyaga qarshi da’vo arizasi bilan Gaagadagi Xalqaro sudga rasman murojaat qildi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

“Biz Rossiya tajovuzni oqlash bahonasida “genotsid” tushunchasi bilan manipulyatsiya qilgani uchun javobgarlikka tortilishini talab qilamiz. Biz suddan zudlik bilan Rossiya Federatsiyasiga jangovar harakatlarni to‘xtatish va keyingi haftada sud majlislarini boshlash haqida buyruq berishni so‘raymiz”, deb yozdi Zelenskiy o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Xalqaro Sud Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) asosiy sud organi hisoblanadi. U Gaagadagi (Niderlandiya) Tinchlik saroyida joylashgan bo‘lib, 1946 yildan beri faoliyat yuritadi va xalqaro huquq normalariga muvofiq davlatlar o‘rtasidagi huquqiy nizolarni hal qiladi.

Davlatlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqishda sud ochiq sud majlislarini o‘tkazadi, unda taraflarning vakillari va advokatlari so‘zga chiqadi, so‘ngra ishni yopiq majlislarda muhokama qiladi va qaror chiqaradi. Ushbu qaror yakuniy hisoblanadi va shikoyat qilinishi mumkin emas. Agar jarayonda ishtirok etayotgan davlatlardan biri unga rioya qilmasa, ikkinchi tomon BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilishi mumkin.

1946 yildan beri sud quruqlik va dengiz chegaralari, hududiy suverenitet, kuch ishlatmaslik, xalqaro gumanitar huquqni buzmaslik, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, diplomatik munosabatlar, garovga olish, boshpana huquqi, fuqarolik, vasiylik, xalqaro bo‘g‘ozlardan tinch o‘tish huquqi va iqtisodiy huquqlarga oid nizolar bo‘yicha 139 ta hukm chiqargan.

Biroq, Xalqaro Sud nizoni faqat manfaatdor davlatlar uning yurisdiksiyasini, shu jumladan bahsli masalada tan olgan taqdirdagina ko‘rib chiqishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

66

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing