Ukraina Rossiya siyosiy elitasining 606 vakiliga sanksiya kiritdi
Olam
−
08 Sentabr 2022
3963Ukraina Rossiya federal hokimiyatining 606 nafar vakiliga qarshi sanksiyalar kiritdi. Tegishli qaror Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tomonidan qabul qilindi, deydi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 7 sentyabr kuni kechki videomurojaatida.
Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashining 32 a’zosidan 28 nafariga, Federatsiya Kengashining 170 a’zosidan 154 nafariga va Davlat Dumasining 450 nafar deputatidan 424 nafariga nisbatan jazo choralari qo‘llanilgan. Prezident Rossiya Federatsiyasining hukmron elitasi vakillaridan kimlar sanksiyalarga duchor bo‘lmagani haqida gapirmagan, shuningdek, ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot bermagan.
“Ularning barchasi bu urush, xalqimizga qarshi terror uchun javobgardir. Ularning hech biri javobgarlikdan qochib qutula olmaydi. Bu vaqt masalasi”, deydi Zelenskiy.
Unga ko‘ra, Ukraina Rossiya Federatsiyasi rahbariyatini javobgarlikka tortish uchun zarur huquqiy, diplomatik va siyosiy qadamlarning bir qismini allaqachon amalga oshirgan va bu yo‘nalishda harakat qilishni davom ettirish niyatida.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi