Ukraina-Rossiya muzokaralari: ikkinchi raundda tomonlar nimaga kelishdi?
Olam
−
04 mart 2022
18127Kecha, Belarusning Brest viloyatida rus-ukrain muzokaralarining ikkinchi raundi yakunlandi. Tomonlar gumanitar koridorlarni vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bilan birgalikda ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti ma’muriyati rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi.
“Biz kutgan natijalarga erisha olmadik. Biz insonparvarlik jihatini: oziq-ovqat, dori-darmonlar, evakuatsiya qilish imkoniyatlarini batafsil muhokama qildik”, degan u.
Rossiya delegatsiyasi rahbari, Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy Rossiya va Ukraina aholining chiqishi uchun gumanitar koridorlar va ehtimoliy vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganini tasdiqlagan.
Rossiya Federal Majlisining Davlat Dumasi xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda Ukraina bilan muzokaralarning uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilning 28 fevral kuni Belarusning Gomel viloyatida birinchi Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tgandi, uchrashuv besh soat davom etgan. Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qildi. U Rossiya delegatsiyasi kelishuvlarga erishish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, Ukraina tomoni bilan shuncha muzokaralar olib borishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi