Ukraina Rossiya qancha odami va texnikasini yo‘qotganini ochiqladi
Olam
−
28 fevral 2022
28858Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri 4500 nafar atrofida rus harbiylari zararsizlantirildi. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi ma’lum qildi.
27 fevral soat 18:00 holatiga 27 samolyot, 26 ta vertolyot, 150 nafar atrofida tank, 700 dan ortiq BTR, 50 ta qurol, ikkita qayiq, bitta “Buk”, to‘rtta “Grad” qurilmasi, 60 ta sisterna va ikkita tezkor-taktik uchuvchisiz samolyot yo‘q qilingan.
“Yana bo‘lishi ham mumkin. Hisoblash jangovar harakatlarning yuqori intensivligi bilan murakkablashmoqda”, deyiladi Ukraina Bosh shtabi xabarida.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasi aviatsiya texnologiyalarini to‘plash va Belarus Respublikasi hududida maxsus kuchlarni faollashtirishda davom etmoqda.
“Machuli aeroportida 50 dan ortiq samolyotlar, 10 ta vertolyot va 2 ta An-124 samolyotlari to‘plangan.Transport samolyotlari doimiy ravishda Baranovichi va Machulichi aeroportlaridan Ukraina tomon parvoz qilmoqda. Belarus qo‘mondonligi o‘z bo‘linmalarining bir qismini jangovar shay holatga keltirgan”, deyiladi rasmiy xabarda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi