Ukraina Rossiya changalidan necha harbiysini qaytarib olmoqchi?

Olam

image

Ayni paytda Ukraina qo‘lga olingan rossiyalik harbiy xizmatchilar evaziga “Azovstal” kombinatidan og‘ir yaralangan ukrainalik harbiylarni evakuatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshuk ma’lum qildi. 

“Prezidentning topshirig‘iga ko‘ra, biz og‘ir yaralangan askarlarni qo‘lga olingan rossiyaliklar evaziga “Azovstal”dan evakuatsiya qilish bo‘yicha juda murakkab muzokaralar olib bormoqdamiz”, degan u. 

Shu bilan birga, vazir o‘rinbosari ayrim siyosatchilar, jurnalistlar va jamoat arboblarining muzokaralar mazmun-mohiyatiga oid ochiq fikr-mulohazalari jamiyatni yo‘nalishdan chalg‘itishi, shuningdek, muzokaralar jarayoniga zarar yetkazayotganidan afsusda ekanini bildirgan. 

“Sizdan o‘tinib so‘rayman. Gap odamlarning hayoti haqida ketyapti. Hammasi joyida bo‘lib, biz odamlarni olib chiqsak, xohlaganingizni qiling. Men sizdan mas’uliyatli bo‘lishingizni va aralashmasligingizni so‘rayman. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, biz hozirda faqat 38 nafar og‘ir yaralangan jangchilar haqida muzokara olib bormoqdamiz. Biz bosqichma-bosqich ishlaymiz. 38 ta og‘ir jangchilarni almashtiramiz, keyin yana davom etamiz. Hozir ba’zi OAVlar xabar qilganidek, 500 yoki 600 kishini almashish bo‘yicha muzokaralar olib borilmayapti”, degan Vereshuk. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 aprel kuni tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi (DXR) xalq militsiyasining harbiy guruhlari Mariupoldagi “Azovstal” zavodi hududiga hujum boshlagandi.  

Keyinroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Azovstal”ga hujumni to‘xtatishni va uni qurshab olishni buyurgandi. Biroq shundan keyin ham zavodga hujumlar amalga oshirildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing