Ukraina Rossiya bilan yadroviy xavfsizlikka oid qator shartnomalardan chiqdi

Olam

image

Ukraina Rossiya bilan tuzilgan yadroviy xavfsizlik sohasidagi qator kelishuvlarning amal qilishini to‘xtatdi. Bu haqda Ukraina yadroviy tartibga solish davlat inspeksiyasi ma’lum qildi.

“Rossiya Federatsiyasining harbiy tajovuzkorligi munosabati bilan Ukrainaning Yadroviy tartibga solish davlat inspeksiyasi yadroviy xavfsizlik sohasidagi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikka oid xalqaro shartnomalarni bekor qiladi”, deyiladi inspeksiya xabarida.

Shunday qilib 2002 yil 14 avgustda Moskvada imzolangan Ukraina Yadroviy tartibga solish davlat inspeksiyasi va Rossiyaning Yadro va radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha Federal nazorat organi o‘rtasida yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishda xavfsizlikni tartibga solish sohasida axborot almashish va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tugatildi. 1996 yil 19 sentyabrda Vena shahrida imzolangan Ukraina atrof-muhitni muhofaza qilish va yadroviy xavfsizlik vazirligi va Rossiya Federal nazorat xizmati o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ham bekor qilindi.

Tegishli farmonni 24 iyun kuni Davlat inspeksiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Oleg Korikov imzolagan.

“Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ushbu xalqaro shartnomalar bekor qilinganligi haqida ogohlantirildi”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, qaror Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslar vazirligi hamda Nazorat qilinmagan hududlarni reintegratsiya qilish vazirligi bilan kelishilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

9

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing