Ukraina Rossiya bilan muzokaralarga qachon qaytishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kiyev joriy yilning avgust oyida Moskva bilan muzokaralarga qaytishi mumkin, chunki u ayrim hududlarda qarshi hujum boshlamoqchi. Bu haqda Rossiya bilan muzokarlardagi Ukraina delegatsiyasi rahbari David Araxamiya “Amerika Ovozi” radiostansiyasiga bergan intervyusida aytib o‘tgan. 

"Avgust oyining oxirida Ukraina muzokaralarni davom ettirishi mumkin. Biz o‘z rejalarimizni ruslar bilan baham ko‘rmoqchi emasmiz, chunki ular buni ochiq manbalardan ham bilib olishi mumkin. Biz ayrim hududlarda qarshi hujum operatsiyasini o‘tkazmoqchimiz”, deydi Araxamiya.

Shuningdek, u Ukraina hududlarini yo‘qotishni qabul qilmasligini, bu qonuniy jihatdan mumkin emasligini aytib o‘tgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Ukraina bilan muzokaralar to‘xtatilganini, ular hech qanday shaklda olib borilmayotganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng,  Ukraina Prezidenti devoni maslahatchisi Mixail Podolyak brifingda Andrey Rudenkoning so‘zlarini tasdiqlab, Kiyev Rossiya dunyodagi siyosiy jarayonlarda salbiy rol o‘ynagani tufayli u bilan muzokaralarni to‘xtatganini aytib o‘tdi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya 24 fevraldan keyin bosib olgan Ukraina hududlarini qaytarib berganidan keyingina rasmiy Kiyev Moskva bilan muzokaralarga qaytishi e’lon qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing