Ukraina Rossiya bilan munosabatlarni uzish yo‘lidan boryapti – Moskva

Olam

image

Kiyevning Rossiya bilan yadroviy xavfsizlik sohasida kelishuvlarni bekor qilish qarori Ukrainaning Moskva bilan munosabatlarini buzishning buzg‘unchi yo‘lidan borayotganini isbotlaydi. Bu haqda bugun, 29 iyun kuni kuni Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi. 

“[Ukraina Prezidenti Vladimir] Zelenskiy rejimining bunday xatti-harakatlari faktining o‘zi afsuslanarli va bu Kiyev rejimi Rossiya bilan barcha aloqalarni uzish, ikki tomonlama munosabatlarning me’yoriy-huquqiy bazasini yo‘q qilishdek o‘ta buzg‘unchi yo‘lda qolayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Buning uchun ayb butunlay Kiyev rejimi bo‘ynida", deydi Zaxarova brifingda. 

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Kiyevning ushbu kelishuvlardan chiqishidan real zarar ko‘rmayapti, chunki so‘nggi o‘n yil davomida ular bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmagan. 

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, 24 iyun kuni Kiyev Ukraina atrof-muhitni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi vazirligi bilan Rossiyaning Yadro va radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha federal nazorat organi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi 1996 yildagi kelishuvni, shuningdek, 2002 yilda Ukraina Yadroviy tartibga solish davlat qo‘mitasi va Yadro va radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha Rossiya Federal nazorat organi o‘rtasida imzolangan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishda xavfsizlikni tartibga solish bo‘yicha bitimni bekor qilganini ma’lum qilgan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

4

Reyting

2.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing