Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi
Olam
−
24 fevral 2022
11776Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzilganini e’lon qildi.
“Bu tong tarixga kirdi, ammo bu voqea bizning mamlakatimiz va Rossiya uchun mutlaqo boshqacha. Va biz Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzdik”, degan Zelenskiy.
Bundan oldin Ukraina Prezidenti Ukraina Tashqi ishlar vazirligidan Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzish bo‘yicha so‘rov olganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirganini ma’lum qildi.
LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev esa Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr