Ukraina Rossiya bilan “Azovstal” devorlari yonida muzokara o‘tkazmoqchi 

Olam 9134
image

Ukraina Rossiyaga Mariupoldagi “Azovstal” zavodi devorlari yonida maxsus muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Ukraina Prezidenti idorasi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich ma’lum qildi.  

“Biz rossiyaliklarga “Azovstal” devorlari yonida maxsus muzokaralar o‘tkazishni taklif qildik. Muzokaralarda rossiyalik hamkasblarimizni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olishga chaqiramiz. Gumanitar koridorlarni ta’minlash va harbiylarimizni ozod qilish yoki Rossiya Federatsiyasining barcha harbiy asirlariga ularni almashtirish haqida gaplashamiz”, degan Arestovich. 

Prezident idorasi rahbari maslahatchisi Ukraina Rossiyadan javob kutayotganini ta’kidlagan. 

“Biz sizga eslatib o‘tamizki, agar yo‘q desangiz, Kremldagi oqibatlar sizga yoqmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan u. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Azovstal”ga hujumni nomaqbul deb atab, uni bekor qilishni buyurgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 14
Reyting: 3.1
t
×