Ukraina Mudofaa vaziri urushning yangi bosqichi boshlanganini aytdi

Olam 14656
image
-

Ukraina urushning yangi – uzoq muddatli bosqichiga kirmoqda. Bu haqda Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov ma’lum qildi.

“Rossiya strategik mag‘lubiyatga uchradi – u 9 maygacha harbiy aralashuv va hokimiyatni rus qo‘g‘irchoqlariga almashtirish orqali Ukraina davlatini yo‘q qila olmadi. Biz uni maqsadlar ko‘lamini operativ-taktik darajaga qisqartirishga majbur qildik. Ushbu fonda biz urushning yangi – uzoq muddatli bosqichiga kirmoqdamiz. Unda g‘alaba qozonish uchun resurslarni puxta rejalashtirish, xatolardan qochish, kuchimizni shunday loyihalashtirish kerakki, dushman oxir-oqibat bunga dosh bera olmasin”, deb yozgan u Facebook’da.

Reznikov Ukrainaning mudofaa salohiyatini oshirishga va bir million kishini qurol va jihozlar bilan ta’minlashga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 1500 ga yaqin ukrainalik askarlar Ukrainaga G‘arb davlatlaridan ko‘mak sifatida yetkazib beriladigan jihozlardan foydalanish bo‘yicha instruktor bo‘lish uchun o‘qitilmoqda.

Mudofaa vazirligi rahbari Ukrainani o‘ta og‘ir haftalar kutayotgani haqida ogohlantirdi, ammo jangovar harakatlarda burilish nuqtasi bo‘lishiga umid bildirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 24
Reyting: 3.1
t
×