Ukraina Medvedchukni “Azov” qo‘mondonlariga almashtirdi
Olam
−
22 Sentabr 2022
10069Asirlar almashinuvi doirasida Kiyev siyosatchi Viktor Medvedchuk va 55 nafar rus askarini Moskvaga topshirdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak va Ukraina Xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Medvechuk 215 nafar ukrainalik askarga, jumladan Mariupolning “Azovstal” zavodi himoyachilari va “Azov” polki qo‘mondonligiga almashtirilgan. Shuningdek, Ukraina tomonida jang qilgan va asirga olingan 10 nafar xorijlik qaytarilgan.
UXX Medvedchukning almashinuvi uning ishlarini sudda ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmasligini ta’kidladi.
“Bu qiyin jarayon edi. Ozod qilingan 215 kishi – muhim natija, bu kuch pozitsiyasidan foydalangan holda to‘g‘ri taktika natijasi, shu jumladan Ukraina Qurolli Kuchlarining frontdagi faoliyati natijalaridir”, deb yozgan Ukraina Prezidenti devonining rahbari o‘z bayonotida.
Vladimir Zelenskiyning o‘zi “Azov” qo‘mondonligi bilan video havola orqali gaplashgan. Uning aytishicha, almashish shartlariga ko‘ra, beshta polk komandiri urush tugagunga qadar Turkiyada qoladi. Harbiylar Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anning shaxsiy himoyasi ostida bo‘ladi.
“Biz odamlarimizni uyga olib kelyapmiz. Bu, albatta, davlatimizning, butun jamiyatning g‘alabasi. Eng muhimi, o‘z yaqinlarini xavfsiz ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lgan 215 oila uchun”, deydi Zelenskiy videomurojaatida.
Turkiya Prezidenti, o‘z navbatida, Moskva va Kiyev o‘rtasida asirlar almashinuvi Anqara vositachiligida amalga oshirilgani va bu urushni tugatish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Rossiyada bu xabarlarga izoh berilmagan.
Avvalroq Erdo‘g‘an Putin bilan uchrashuvidan keyin Rossiya va Ukraina 200 nafar asirni almashishga kelishib olganini aytgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Ukraina Xavfsizlik xizmati joriy yil aprelda Prezident Vladimir Zelenskiy topshirig‘iga ko‘ra, Medvedchuk hibsga olinganini e’lon qildi. Keyinroq Zelenskiy Rossiyaga Medvedchukni asirga olingan Ukraina fuqarolariga almashtirishni taklif qildi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Kreml Medvedchuk taqdirini kuzatib boradi va yevropalik siyosatchilarni ham shunga undaydi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi