Ukraina kuchlari Severodonetskda muvaffaqiyatli qarshi hujumga o‘tdi – ISW
Olam
−
06 iyun 2022
10944Ukraina Qurolli Kuchlari Lugansk viloyatining Severodonetsk shahrida muvaffaqiyatli qarshi hujumlarni amalga oshirdi va buning natijasida Rossiya armiyasining jangovar qudratini pasaytirdi. Bu haqda RBK-Ukraina Urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya kuchlari Severodonetsk va Lisichansk hududiga texnika va qo‘shinlarini tashlashda davom etayotgan bo‘lsa-da, Ukraina harbiylari so‘nggi 48 soat ichida Severodonetskda muvaffaqiyatli qarshi hujumga o‘tdi va rus qo‘shinlarini shaharning sharqiy chekkasiga siqib chiqardi. Bundan tashqari, ruslar janubiy aholi punktlaridan ham ortga surib tashlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Ukraina kuchlari Rossiya harbiylarining Severodonetskda konsentratsiyalashuvidan boshqa hududlarda qarshi hujumlarni boshlash uchun foydalanishga harakat qilishlari mumkin.
“Ukrainaning qarshi hujum bosimi Rossiya kuchlarining e’tiborini Lugansk viloyatiga qaratishda davom etishi va shu sababli Xarkov viloyati va janubiy yo‘nalish bo‘ylab Rossiyaning mudofaa harakatlarida zaifliklarni yuzaga keltirishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, harbiy ekspertlar Ukraina Qurolli Kuchlari dushmanning Lugansk viloyatidagi Ukraina pozitsiyalarini qurshab olishga urinishlarini muvaffaqiyatli ushlab turganigi ta’kidlagan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi