Ukraina Xitoyga o‘z xavfsizligi kafili bo‘lishni taklif qildi  

Olam 13642
image

Ukraina BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari, jumladan Xitoydan xavfsizlik kafolatlarini olish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Xitoyning “Sinxua” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.  

“Avvalroq biz “Budapesht memorandumi”ni Ukraina uchun muhim xavfsizlik mezoni deb hisoblagan edik, ammo, afsuski, u Ukrainaga haqiqiy xavfsizlikni olib kelmadi”, degan Ukraina TIV rahbari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Ukraina hozirda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari va boshqa yirik davlatlar, jumladan, Xitoydan xavfsizlik kafolatlarini olish imkoniyatlarini o‘rganmoqda”. 

Kulebaning qayd etishicha, Kiyevning Pekinga Ukraina xavfsizligi kafillaridan biriga aylanish taklifi Xitoyga hurmat va ishonch belgisidir. 

“Rossiya Yevropaga xavf tug‘dirmoqchi emasligini ko‘rsatib, o‘z va’dalarini harakatlari bilan tasdiqlagandagina va Ukraina hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketgandagina Yevropa qit’asidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yaxshilanadi”, degan u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 49
Reyting: 3.2
t
×