Ukraina Xerson uchun “og‘ir janglar” boshladi – Britaniya Mudofaa vazirligi
Olam
−
23 iyul 2022
10501Ukrainaning Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatida so‘nggi ikki kundan beri “og‘ir janglar” davom etmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining urushning borishi haqidagi navbatdagi hisobotida aytiladi.
Janglar Dneprning o‘ng (g‘arbiy) qirg‘og‘ida, Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda Ukrainaning qarshi hujumi doirasida davom etmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiya Ukrainaning oldinga siljishini sekinlashtirishga harakat qilmoqda. Shuning uchun tabiiy to‘siq – Dneprning irmog‘i bo‘lgan Ingulets daryosi bo‘ylab artilleriyadan zarba bermoqda.
Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika instituti o‘zining qisqacha hisobotida Ukraina harbiylarining bayonotlariga tayanib, Rossiya ukrainlarning qarshi hujumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ba’zi hududlarda yo‘llar va Ingulets qirg‘og‘ini minalashtirayotgani haqida xabar bergan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ham, Urushni o‘rganish instituti ham Ukrainaning hujumlari tufayli mintaqadagi Rossiya ta’minot liniyalari xavf ostida qolganini ta’kidlagan. Yaqinda ukrainalik harbiylar Rossiyaning bir qancha o‘q-dorilar omborlari hamda Xerson viloyatidagi qo‘mondonlik punktlari yo‘q qilinganini e’lon qilgandi.
Iyul oyida Ukraina hukumati Rossiya tomonidan bosib olingan Xerson va Zaporoje viloyatlariga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganini e’lon qilgan va tinch aholini bu hududlarni tark etishga chaqirgan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi