Ukraina Qrimni har qanday yo‘l bilan qaytaradi – Zelenskiy
Olam
−
24 avgust 2022
7285Qrim Ukrainaning ajralmas qismidir va Kiyev Rossiya tomonidan bosib olingan yarimorolni har qanday yo‘l bilan qaytarib oladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Qrim platformasi ikkinchi sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz Qrimni qaytarib olamiz, chunki bu bizning hududimiz. O‘zimiz qaror qilgan har qanday yo‘l bilan. Biz boshqa davlat bilan maslahatlashmasdan, o‘zimiz qaror qilamiz”, deydi Zelenskiy.
Prezident Ukraina bosib olingan hududlar, xususan, Qrim ustidagi mojaroga diplomatiya yo‘li bilan chek qo‘yish istagini anchadan beri namoyon etganini, biroq Rossiya bunday yondashuvni qabul qilmaganini eslatgan.
“Biz buni qildik, sulh amalda ekanida uzoq jarayon bo‘ldi. Ammo hammasi qanday tugaganini ko‘ryapsiz. To‘liq miqyosda bosqin bo‘ldi”, deydi u.
Shu bilan birga, Prezident Zelenskiy Ukraina Qurolli Kuchlari vaqtincha bosib olingan hududlardagi fuqarolik ob’ektlari va aholiga zarba bermasligini ta’kidladi.
“Biz nima qilayotganimizni bilamiz, vaqtincha bosib olingan hududlarda harbiy inshootlar, omborlar qayerda borligini bilamiz. Ukraina harbiylari u yerda reja bo‘yicha ishlashi mumkin”, deydi Prezident.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi