Ukraina qachon Rossiyaga qarshi hujumga o‘tishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
25 iyul 2022
25177Ukraina harbiylari Rossiya askarlari hujum qila olmaydigan ahvolga tushgunga qadar ularni zaiflashtiradi. Shundan so‘ng Ukraina Qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tadi. Bu haqda Prezident devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich “Chikago radiosi”ga bergan intervyusida gapirdi.
“Qarshi hujum boshlashning asosiy sharti dushmanning hujum qilish qobiliyatini yo‘qotishidir. Aks holda, oldinga siljishning ma’nosi yo‘q, chunki biz yaqinlashib kelayotgan qarshi hujumlarga duch kelamiz va biz to‘plagan barcha kuchlarimiz yaqinlashib kelayotgan janglarga sarflanadi”, degan Arestovich.
Siyosatchi ukrain askarlari ruslarning kuchini yo‘q qilishi kerakligini ta’kidladi.
“Biz buni Rossiya kuchlarining 60 foizi to‘plangan Izyumdan Baxmutgacha hamda Lugansk va Donetsk viloyatlari chegarasigacha bo‘lgan hududda manevrli mudofaa qo‘llab amalga oshiramiz. Uchburchak. Hozir bu yerda rus qo‘shinining 60 foizi, jang qilayotgan 130-150 ming kishi bor. Shunday qilib, rus armiyasi taxminan uch hafta oldin platoga yetib keldi va bu plato asta-sekin egilyapti, biz esa, aksincha, jadal rivojlana boshladik. Qachonki bu ikki grafik birlashsa, biz hujumga o‘tamiz”, deya tushuntirgan Prezident devoni vakili.
Unga ko‘ra, asosiy voqealar “kuzga yaqin” sodir bo‘ladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi