Ukraina qachon Rossiyaga qarshi hujumga o‘tishi aytildi
Olam
−
05 may 2022
36445Ukraina qo‘shinlari joriy yil iyun oyining o‘rtalarida, G‘arb davlatlaridan juda ko‘p miqdorda qurol olinganidan keyin qarshi hujumga o‘tishi mumkin. Bu haqda Prezident devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich axborot telemarafonida ma’lum qildi.
“Bu qurol kamida bir nechta brigadalar uchun yetarli bo‘lishi, to‘liq qayta jihozlangan, o‘qitilgan, kelishilgan va muvofiqlashtirilgan bo‘lishi kerak. Shundan keyin oldinga siljishni boshlash mumkin”, deydi Arestovich.
Prezident devoni rahbari maslahatchisining aniqlik kiritishicha, G‘arb davlatlari himoyaga mo‘ljallangan qurollarning birinchi partiyasini may oyi oxirigacha yetkazib berishi kutilmoqda.
“Dushmanni to‘xtata oladigan birinchi qurol Ukrainaga may oyining oxiri yoki iyun boshida keladi. Shu bois, qarshi hujum iyun oyining o‘rtalaridan erta bo‘lishi mumkin emas. Katta ehtimol bilan bu iyun oyining ikkinchi yarmida bo‘ladi”, deydi Arestovich.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina armiyasi mamlakat janubidagi bir qancha aholi punktlarini Rossiyadan ozod qilgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi