Ukraina fuqaroligini olgan o‘zbeklar ham evakuatsiya qilinadimi?

Olam

image

O‘zbekiston aralash nikohlar guruhi vakillarini yoki Ukraina fuqaroligini olgan o‘zbeklarni pullik asosda evakuatsiya qilishi mumkin. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda aralash nikohdagi oilalar vakillari yoki O‘zbekistonda tug‘ilgan, ammo Ukraina fuqaroligini qabul qilgan fuqarolardan evakuatsiya qilish bo‘yicha murojaatlar ham ko‘paygan.

“Barcha murojaat qilayotganlarga urush hududini imkon qadar tezroq tark etib, Lvov shahriga borish tavsiya etilmoqda. O‘zbekistonning Kiyevdagi Elchixonasi ularni Lvovdagi to‘planish nuqtasidan “Krakovets” (Polsha) nazorat-o‘tkazish punktigacha yetkazishda yordam berishga tayyor”, deydi Yusuf Qobuljonov.

Rasmiy vakilga ko‘ra, aralash nikohlar guruhi vakillarini O‘zbekistonga evakuatsiya qilish imkoniyati bo‘yicha so‘rovlarga javoban Elchixona ushbu shaxslar O‘zbekiston fuqarolari olib chiqib ketilganidan so‘ng, ehtimol, pullik asosda evakuatsiya qilinishi mumkinligi haqida tushuntirishlar bermoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made