Ukraina delegatsiyasi Rossiya bilan muzokara boshladi. Kiyev nimani xohlaydi?

Olam

image

Kiyev delegatsiyasi bugun, 28 fevral kuni Rossiya bilan muzokaralarda ishtirok etish uchun Belarus bilan chegaraga yetib keldi va muzokaralar boshlandi.

Ukraina Prezidenti idorasida xabariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish va Ukraina hududidan qo‘shinlarni olib chiqish uchrashuvning asosiy masalasi etib belgilab olingan.  

“Ukraina delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi vakillari bilan muzokaralarda ishtirok etish uchun Ukraina-Belarus chegarasi hududiga yetib keldi. Muzokaralarning asosiy masalasi zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va Ukraina hududidan qo‘shinlarni olib chiqib ketishdir”, deyiladi xabarda. 

Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralarda Kiyev delegatsiyasi tarkibiga Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov va Zelenskiy idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak kiradi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

232

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing