Ukraina “Azovstal”da ruslarga oylab qarshilik ko‘rsatgan askarlari jasadini oldi

Olam

image

Ukraina Rossiya bilan bir qator almashuvlarda 400 dan ortiq harbiyning jasadini oldi. Ularning aksariyati “Azovstal”da vafot etgan himoyachilardir. Ularning deyarli barchasining shaxsi allaqachon aniqlangan. Bu haqda alohida holatlarda bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha komissar Oleg Kotenko ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinlari “Azovstal”da bo‘lgan ukrainaliklar DNKlarini topshirgan.

“Agar biz hozir “Azovstal”da bo‘lmaganlarni ko‘proq olsak, u holda jasad bor, lekin DNKdan o‘tmagan holatlar ko‘payadi. Shuning uchun, men muzokaralar olib borayotganimda, Rossiya bilan hech bo‘lmaganda jasad qayerdan ekanligi haqida yozish bo‘yicha kelishuv bor – bu Lugansk yo‘nalishimi, Volnovaxa yoki Xarkov yo‘nalishimi”, deydi Kotenko.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘plab jasadlar hujjatsiz keladi va ularning kimligi noma’lum.

Kotenkoning so‘zlariga ko‘ra, harbiylarning jasadlari uchta o‘likxonadan biriga tushadi: Kiyev, Dnepr yoki Xarkov. Ular bu tizimga Zaporojedagi yana bir o‘likxonani qo‘shishni rejalashtirmoqda. Qarindoshlar DNK testini mamlakatning istalgan shahrida topshirishlari mumkin, natijalar yagona ma’lumotlar bazasiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 may kuni “Azovstal” zavodi hududi butunlay rus qo‘shinlari nazoratiga o‘tdi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zavodda bo‘lgan 531 kishidan iborat so‘nggi guruh taslim bo‘lgan, 2439 kishi qurolini tashlagan. Ammo ular qurollarni tashlashdan oldin birgina zavodda bir necha oy davomida Rossiya kuchlariga qarshilik ko‘rsatgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

48

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing