Ukraina armiyasining yo‘qotishlari Rossiyanikidan 5 baravar kam – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Rossiyaga qarshi urushda har kuni 50 ga yaqin harbiylarini yo‘qotyapti. Bu haqda Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

“Bizda kunlik yo‘qotishlar haqida hisob-kitoblar bor, ular aniq emas. Bu kuniga deyarli 50 kishi. Ammo bu aniq raqamlar emas, chunki hududda qancha askar va tinch aholi qolgani ma’lum emas”, deydi Zelenskiy qator fransuz OAVlariga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina Qurolli Kuchlaridagi yo‘qotishlar haqida aniq ma’lumotlarga ega, biroq ularni oshkor qilishni istamaydi.

“Raqamlar bilan juda ehtiyot bo‘lish kerak, chunki gap inson hayoti haqida ketmoqda. Harbiylarimizning pozitsiyasi o‘ldirilgan yoki yaralangan ukrainalik harbiy xizmatchilarning aniq sonini ma’lum qilishda emas”, deydi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina harbiylarining yo‘qotishlari rossiyalik askarlarning yo‘qotishlaridan 5 baravar kam.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 sentyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi urushda 5937 nafar rus askari halok bo‘lganini aytgandi. Shuningdek, u Ukrainaning yo‘qotishlarini baholab, 61207 kishi halok bo‘lgani, 49368 kishi jarohat olganini ma’lum qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

31

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing