Ukraina armiyasining Rossiya bilan kurashdagi asosiy vazifalari aytildi

Olam

image

Rossiya harbiylari mutlaq o‘t ochish ustunligi, qo‘shinlar, mos ravishda dushmanning safarbar qilinganlari tufayli, hujumlar sonining ko‘payishiga qaramay muvaffaqiyatga erishmayapti. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida AQSH shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Mark Milli bilan telefon orqali suhbati haqida gapirib, ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina mudofaa kuchlari bo‘linmalarni quyidagi muhim vazifalarga qaratmoqda: bosib olingan hududlarni ozod qilish, dushmanning yangi hududlarni egallab olishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, davlatning muhim infratuzilmasini havo va raketalarga qarshi mudofaa bilan qoplash. Zalujniyning qo‘shimcha qilishicha, gap kelajakdagi harbiy harakatlar uchun zaxiralarni shakllantirish va tayyorlashni davom ettirish zarurati haqida ham bormoqda.

“Mutlaq o‘t ochish ustunligi, safarbar qilinganlar hisobiga qo‘shinlar sonining ko‘payishi va shunga mos ravishda dushman tomonidan hujumlar ortishiga qaramay muvaffaqiyat qozonmayapti. Ukraina askarlari va ofitserlarining jasorati hamda professionalligi tufayli chegaralarimiz o‘zgarishsiz qolmoqda, mudofaa operatsiyasi rejaga muvofiq muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda”, deydi Zalujniy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing