Ukraina armiyasining ikkita yirik qurol ombori yo‘q qilindi – Rossiya

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Ukraina armiyasining ikkita yirik qurol-yarog‘ omborini yuqori aniqlikdagi dengiz va havo raketalari bilan yo‘q qildi. Bu haqda bugun, 13 aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Rasmiyga ko‘ra, Mirgorod aerodromida Ukrainaning to‘rtta vertolyoti ham yo‘q qilingan: ikkita Mi-24 va ikkita Mi-8.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan tunda Rossiya Aerokosmik kuchlarining tezkor-taktik aviatsiyasi samolyotlari Ukrainaning 46 ta harbiy ob’ektiga zarba bergan.

“Maxsus harbiy operatsiya boshlangandan beri hammasi bo‘lib quyidagilar yo‘q qilindi: 130 ta samolyot, 103 ta vertolyot, 244 ta zenit-raketa majmuasi, 447 ta uchuvchisiz uchish apparati, 2169 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnikalar, 243 ta yalpi reaktiv otish tizimi (YAROT), 931 ta dala artilleriyasi va minomyot, shuningdek, 2076 ta maxsus harbiy texnika”, degan Konashenkov.

Ayni paytda Kiyevning xabar berishicha, urush boshlangandan beri Ukraina Qurolli Kuchlari 19,8 mingga yaqin rossiyalik harbiyni yo‘q qilgan.

Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan 13 aprelgacha bo‘lgan davrda Rossiya armiyasining jangovar yo‘qotishlari taxminan: 739 ta tank, 1964 ta zirhli jangovar mashina, 358 ta artilleriya tizimi, 115 ta yalpi reaktiv otish tizimi, 64 ta havo mudofaa tizimi, 158 ta samolyot, 143 ta vertolyot, 7 ta kemalar/qayiq va boshqalar.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

31

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made