Ukraina armiyasi ikki yo‘nalishda qarshi hujumga o‘tdi

Olam

image

Rossiya harbiylari Donbassda faol hujum harakatlarini davom ettirmoqda, ammo ba’zi yo‘nalishlarda ortga chekinishga ham majbur bo‘lmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya razkedkasi e’lon qilgan xaritadan ma’lum bo‘ldi.

Xaritaga ko‘ra, Ukraina mudofaa kuchlari Xarkov va Xersonda qarshi hujumga o‘tgan va ijobiy natijalarga erishmoqda.

Ukraina askarlari ilgari bosib olingan ayrim hududlar ustidan nazoratni tiklagan va davlat chegarasi tomon viloyatlarning bir necha kilometr ichkarisiga kirib borgan.

Shu bilan birga, ruslar Lugansk va Donetsk viloyatlarida faol harakat qilmoqda. Ukraina armiyasi mudofaa holatida.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Xerson yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishilayotganini ma’lum qildi.

“Biz Xerson yo‘nalishida ham, Xarkov viloyatida ham ma’lum muvaffaqiyatga erishdik. Ukraina Qurolli Kuchlari Zaporoje viloyatida bosqinchilar bosimini ushlab turibdi, asosiy yo‘nalish Gulyaypole va Orexovo”, deya izoh bergan u.

Shu bilan birga, u Donbass yo‘nalishidagi vaziyat juda og‘ir ekanini ta’kidladi.

“Severodonetsk, Lisichansk, Kuraxovo hozir qarama-qarshilik markazida”, degan Prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Severodonetskda yirik kimyoviy ishlab chiqarish zavodlari mavjudligi hisobga olinsa, Rossiya armiyasining u yerdagi ko‘r-ko‘rona havodan bombardimon qilishi aqldan ozishga teng.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

35

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing