Ukraina Apple’ga iltimos bilan chiqdi
Olam
−
26 fevral 2022
22234Ukrainaning Raqamli transformatsiyalar vaziri Mixail Fyodorov Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kukka murojaat qilib, rossiyaliklarni AppStore'dan uzishni so‘radi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Shuningdek, u Kukdan AQSH sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashni va Rossiya mahsulotlarini Apple ilovalari do‘konidan yuklab olishni to‘xtatishni so‘ragan.
Vazirning yozishicha, “zamonaviy texnologiya tanklar, raketa tizimlari va snaryadlarga qarshi eng yaxshi javobdir”.
“Ishonchimiz komilki, bunday harakatlar (AppleStore'dan uzilish) Rossiya yoshlari va faol aholisini sharmandali harbiy tajovuzga faol qarshi turishga undaydi”, deb yozgan vazir.
Aytish joizki, kecha, 25 fevral kuni Tim Kuk o‘zining Twitter sahifasida Ukrainadagi vaziyatdan qattiq xavotirda ekanini yozgan.
“Biz u yerdagi hamkasblarimiz uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz va mahalliy darajada insonparvarlik yordamini qo‘llab-quvvatlaymiz. Men xavf ostida qolgan odamlar haqida o‘ylayman va tinchlikka chaqirayotganlarning barchasiga qo‘shilaman”, deya yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Facebook ijtimoiy tarmog‘i rahbariyati Rossiya davlat ommaviy axborot vositalariga dunyo bo‘ylab reklama ko‘rsatish va monetizatsiya qilishni taqiqlagandi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi