Ukraina AQSHdan qanday qurollar so‘rayotgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
31 mart 2022 12373 3 daqiqa
Ukraina Kongressga davlatni Rossiyadan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qurollar ro‘yxatini taqdim etdi. CNN ro‘yxatning bir qismini e’lon qildi
Gap razvedka va zarba beruvchi dronlar, taktik radarlar, dron va jangovar samolyotlarga qarshi elektron kurash tizimlari, xususan, Su-25 haqida bormoqda.
Ro‘yxatga artilleriya tizimlari, zenit-raketa tizimlari, tankga qarshi Javelin raketalari, kemaga qarshi raketalar va optik kuzatuv uskunalari ham kiritilgan.
Ukraina qo‘shni davlatlarda yaralangan askarlarni davolash va zirhli texnikalarni ta’mirlashda yordam so‘ramoqda.
O‘tgan hafta Ukraina har kuni AQSHda ishlab chiqarilgan 500 ta Stinger va Javelin raketalarini so‘ragandi.
Pentagon Matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, AQSH 30 partiyadan iborat qurollarning birinchi oltitasini allaqachon Ukrainaga yetakzib bergan.
Vashington ukrainaliklarga eng zarur bo‘lgan ta’minot, jumladan, tankga qarshi va zenit tizimlariga ustuvor ahamiyat qaratmoqda, degan Kirbi. Shuningdek, va’da qilingan Switchblade tez orada jo‘natilishini ta’kidlagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi