Ukraina ham safarbarlik e’lon qiladimi?

Olam

image

Ukraina Rossiya Federatsiyasidagi qisman safarbarlikka javoban analogik choralarga ehtiyoj sezmayapti. Bu haqda Ukraina Prezidentining Oliy Radadagi vakili Fedor Venislavskiy brifingda ma’lum qildi, deb xabar berdi UNIAN.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina Qurolli Kuchlari hamda boshqa xavfsizlik va mudofaa sohasi organlarining shaxsiy tarkibi soni Oliy Bosh qo‘mondon Vladimir Zelenskiy va Qurolli Kuchlar Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy tomonidan qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun mutlaqo yetarli.

“Ukraina-Rossiya frontida ssenariyning salbiy rivojlanishini taxmin qilish uchun men hech qanday xavf-xatarni ko‘rmayapman”, deydi Venislavskiy.

Uning eslatishicha, 24 fevral kuni Ukrainada to‘liq safarbarlik e’lon qilingan va 700 mingga yaqin odam armiyaga olingan. Ular hozirda Ukraina Qurolli Kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalar tarkibida vazifalarni bajaryapti.

“Bugungi kunda bu raqam har qanday tahdidlarga, jumladan, Ukraina hududidagi Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari sonining ko‘payishini hisobga olgan holda, adekvat javob berish uchun mutlaqo yetarli. Shuning uchun biz hozir o‘z tomonimizdan hech qanday analogik va simmetrik harakatlarga ehtiyoj sezmayapmiz”, deya ta’kidladi Venislavskiy.

Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasida qisman safarbarlik darhol hech qanday natijaga olib kelmasligini qo‘shimcha qildi. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik jarayoni ancha uzoq – bir necha hafta davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Prezident Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra birinchi bosqichda 300 ming Rossiya fuqarosi frontga yuboriladi. Safarbarlik haqidagi qarordan keyin Rossiya bo‘ylab norozilik namoyishlari avj oldi. Hozirgacha 1000 dan ortiq odam hibsga olingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing