Uch davlat Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi
Olam
−
18 mart 2022 16369 3 daqiqa
Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumi tufayli unga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi.
Yaponiya
Yaponiya rossiyalik 15 jismoniy shaxs va to‘qqizta tashkilotga, jumladan mudofaa sektori rasmiylari va davlat qurol eksportchisi “Rosoboroneksport”ga qarshi sanksiyalar joriy qiladi. Aktivlarini muzlatishni nazarda tutuvchi sanksiyalarga Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova, oligarx Suleymon Kerimov, Rossiya mudofaa vazirining sakkiz nafar o‘rinbosari kiritilgan. Kompaniyalar orasida “Rosoboroneksport”, “Rossiya vertolyotlari”, “Birlashgan aviaqurilish korporatsiyasi”, “Uralvagonzavod” va boshqalarga nisbatan sanksiyalar joriy qilingan.
Umuman olganda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Yaponiya Rossiyadagi 76 kishi, yetti bank va 12 tashkilotga qarshi sanksiyalar kiritgan.
Yangi Zelandiya
Yangi Zelandiya 13 nafar rossiyalikka nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar bergan.
Ular orasida Prezident Vladimir Putin va Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashining 12 nafar a’zosi, bitta bank va 18 tashkilot bor.
Sanksiyalar orasida ular bilan hamkorlik qilishni taqiqlash, aktivlarni muzlatish hamda kema va samolyotlarning mamlakatga kirishini taqiqlash kiradi. Bundan tashqari, Yangi Zelandiya yana 364 nafar siyosatchi va harbiy xizmatchining mamlakatga kirishini taqiqladi.
Avstraliya
O‘z navbatida, Avstraliya Rossiyaning suveren qarziga xizmat ko‘rsatuvchi yana 11 ta Rossiya banki va davlat muassasalariga nisbatan sanksiyalar joriy qilmoqda. Bu haqda mamlakat TIV xabar bergan.
Ular birgalikda Rossiya Federatsiyasidagi barcha bank aktivlarining qariyb 80 foizini tashkil qiladi va ularga “Sberbank”, “Gazprombank”, “VEB”, “VTB”, “Rossilxozbank”, “Sovkombank”, “Novikombank”, “Alfa-Bank” va “Moskva Kredit banki” kiradi.
Avstraliya, shuningdek, Vladimir Putinga yaqin oligarxlarga nisbatan sanksiya bosimini kuchaytirgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi