“Turkiyadagi vatandoshimiz fojiasi” – deputatlar Qodirovaning o‘limiga e’tibor qaratdi

Jamiyat

image
Turkiyadagi o‘zbek diasporasi Nodira Qodirova o‘limini shunday qoldirmoqchi emas north_east

Turkiyadagi o‘zbek diasporasi Nodira Qodirova o‘limini shunday qoldirmoqchi emas

Xabaringiz bor, bir necha kundirki Turkiya poytaxti Anqarada “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati va nafaqadagi general Shirin Unalning uyida oqsoch bo‘lib ishlagan o‘zbekistonlik Nodira Qodirovaning o‘limi ham Turkiya, ham O‘zbekistonda diqqat bilan kuzatib borilyapti. Dastlab Qodirova o‘z joniga qasd qildi deyildi, keyinroq esa qiz o‘ldirildi degan taxminlar bildirib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherboyev va Bekzod Ortiqov Nodira Qodirova o‘limi haqida fikr bildirib, chet ellardagi o‘zbekistonliklarni himoya qilish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

So‘nggi vaqtlarda Internet butunjahon axborot tarmoqlari orqali musofirchilikda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz bilan bog‘liq turli noxush holatlar haqida eshitayapmiz.

Shunday holatlar qatorida Turkiya davlatida hayoti o‘lim bilan yakun topgan yurtdoshimiz Nodira Qodirova bilan bog‘liq vaziyatni keltirish mumkin.

Mazkur masala ko‘pchilik qatori biz uchun ham qayg‘uli. 

Bu holat yana bir bor chet ellarda vaqtincha mehnat qilayotgan vatandoshlarimizni huquqiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga doir masalalarni kompleks tarzda qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda. Va, afsuski bunda tegishli diplomatik vakolatxona hamda konsulliklarimizning faoliyati talab darajasida emasligini bildirib o‘tmoqchimiz. 

Chunki yosh fuqaromiz Nodira Qodirovaning masalasi bo‘yicha turkiyalik faol jamoatchilik vakillari zarur qonuniy choralarni ko‘rib, haqiqatni qaror toptirish talabini qo‘yayotgan bir paytda, Tashqi ishlar vazirligi vaziyat elchixona nazoratida ekanligini bildirib o‘tish bilan cheklandi xolos

Biroq nazarimizda elchixona va konsullik xizmati avvalo vaziyatni inson o‘limiga olib kelgunga qadar nazoratga olishi va shu vaqt ichida fuqarolarimizga zarur huquqiy yordam ko‘rsatishi kerak edi. Chunki konsullik avvalo marhum emas, hayot fuqarolarimizga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish uchun tashkil etilgan. 

Biz Turkiya huquqni muxofaza qilish idoralari tomonidan bu holat bo‘yicha tergov ishlari inson huquqlarini himoya qilishning oliy darajasida ko‘rilib shaffof, adolatli va qonuniy olib borilishiga qattiq umid qilamiz. 

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: nima uchun chet ellardagi elchixona va konsulliklarimiz fuqarolarimizni huquqiy himoya qilish, ularning sarsongarchiliklariga yo‘l qo‘ymaslik borasida haligacha “passiv”lik qilishmoqda? Chet ellardagi elchixona va konsulliklarimizda turli byurokratik qoidalar, navbatlar va ba’zan konsullarimizning inson taqdiriga befarq bo‘lishi kabi holatlar haqida saylovchilardan ham ko‘p bora eshitishga to‘g‘ri kelmoqda.

Vaholanki, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga muvofiq chet elda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari O‘zbekiston Respublikasining himoyasi va homiyligidan foydalanadilar. Buni amalga oshirishda esa biz elchixonalarimiz va konsulliklarimizga suyanamiz. 

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga muvofiq konsullik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonun hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda berilgan barcha huquqlardan to‘liq hajmda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan choralar ko‘rish maqsadida amalga oshiriladi. 

Shuningdek, yaqinda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakat hududi va tashqarisida ham ishonchli ijtimoiy va huquqiy himoya kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha alohida Farmoni qabul qilindi.

Turkiyadagi holat ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan birgina misol xolos. Afsuski boshqa mamlakatlardagi vaziyat ham havas qilarlik emas aslida.

O‘zLiDeP tomonidan mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash vazifasi saylovoldi platformasining ustuvor vazifalari qatorida belgilanayotgan bir vaqtda biz Turkiyadagi noxush holatdan kelib chiqib, Tashqi ishlar vazirligi chet ellardagi barcha elchixona va konusulliklarimiz tomonidan fuqarolarimizni huquqiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi sustkashliklari yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishi kerak, deb hisoblaymiz. 

Shu bois, mazkur masala bo‘yicha deputatlik so‘rovi kiritib, tez kunlarda uning natijalari haqida jamoatchilikni xabardor qilishga qaror qildik”, deydi deputatlar Kusherboyev va Ortiqov.

Esltib o‘tamiz, Nodira Qodirovaning o‘limi Turkiya parlamentida ham ko‘tarildi. Turk deputati Sera Kadigil o‘zbekistonlik qizning o‘limi yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Abdulhamid Gulga so‘rov yubordi.

Nodira Qodirovaning dugonasi Laylo Niyozova va akasi Muhammadali Qodirov voqea haqida bilganlarini ochiqladi. Mazkur ishni yuritayotgan prokuror esa Qodirovaning fohishalik bilan shug‘ullanganiga imo qildi.

Keyinroq Bolalar va ayollar uyushmasi rahbari Mujde Tozbey Erden jabrlanuvchining himoyachisi bo‘lishga qaror qildi hamda ish bo‘yicha o‘z gumonlarini bildirdi.

Uning qayd etishicha, Nodira Qodirovaning o‘limi juda shubhali va bu voqeada “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unal o‘ta himoyalangan. Advokat prokuratura ish yuzasidan tergov olib borish o‘rniga, Nodiraning fohishalik bilan shug‘ullangani yoki yo‘qligini surishtirish bilan band ekanini tanqid qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Nodira Qodirova Shirin Unal

Baholaganlar

86

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing