Nodira Qodirovaning o‘limi bo‘yicha ochilgan ish allaqachon yopilgani aytildi
Olam
−
22 dekabr 2020
13557Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilgan va holat bo‘yicha huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilayotgan barcha ishlar tugatilgan. Bu haqda Qodirova vafot etgan uyning sohibi – Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM)ning “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan deputati Shirin Unal TBMMning 2021 yil uchun davlat byudjeti loyihasini tasdiqlash yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishida so‘z ochdi.
Xabaringiz bor, 2019 yilning 23 sentyabr kuni o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirova TBMMning “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan istanbullik deputati Shirin Unalning poytaxt Anqaradagi uyida o‘lik holda topildi. Garchi uning o‘limi yuzasidan shu kunning o‘zidayoq mamlakat prokuraturasi tomonidan tergov-surishtiruv harakatlari boshlangan bo‘lsa-da, bugungacha o‘tkazilgan huquqiy o‘rganishlar natijasi haqida ma’lumot berilmay kelinayotgandi. TBMM yig‘ilishida Shirin Unal tergov natijalarini o‘rtaga tashladi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan muxolif Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) vakili Engin Altay ayollar va bolalarga nisbatan tajovuz holatlari haqida gapirdi. Zalda shovqin ko‘tarildi va Xalqlar demokratik partiyasi vakili “Nodira Qodirovaga nima bo‘ldi?”, deya ovozini baland ko‘tardi. Bunga javoban so‘zga chiqqan Shirin Unal Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq ochiq qolayotgan savollarga javob qaytardi.
“XDPlik ayol deputatlardan biri uyimizda o‘z joniga qasd qilgan ayol bilan bog‘liq holda bir necha bor “nima bo‘ldi?”, deb baqirdi. U oilamga daxl qilmoqda”, deydi Shirin Unal.
Deputat so‘zida davom etarkan, vaziyatga aniqlik kiritish oldidan marhuma Nodira Qodirovaning oila a’zolari va yaqinlariga yana bir bor hamdardlik bildirdi.
“Afsuski, ayrim deputatlar byudjetni belgilash jarayonida bizning uyimizda xizmatchi ayolning o‘zi joniga qasd qilishidan foydalanishga davom etishmoqda. Biroz avval men holat bo‘yicha parlament ma’muriyatiga ma’lumot bergan edim. O‘z joniga qasd qilgan ayolga Allohdan rahmat, oilasiga esa sabr tilayman.
Ushbu voqea ro‘y bergan ilk daqiqalardan boshlab, daxlsizlik huquqlarimni chetga surgan holda, huquq-tartibot organlariga, jumladan Bosh prokuraturaga barcha ma’lumotlar qa hujjatlarni taqdim etdim. Respublika Bosh prokuraturasining 2020 yil 3 martdagi 2020/27675-sonli qarorida ushbu holat o‘z joniga qasd qilish ekani va jinoiy ish ochish uchun asos yo‘qligi aytilgan edi. Ushbu qarorga e’tiroz bildirilgach, 2020 yilning 5 may kuni Anqara 2-jinoiy sulh sudi protestni rad etish bo‘yicha qaror qabul qildi va sud jarayoni yakunlandi.
Bugun esa barcha huquqiy jarayonlar tamomlanganiga qaramay, XDPdan bo‘lgan ayol deputatlar meni nishonga olib, qotil deyishda davom etmoqdalar. Men ham bu xunuk ta’rifni o‘zingizga qaytaraman. Sizni sudlarimizning turk xalqi nomidan qabul qiladigan qarorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiraman”, deydi Unal.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Nodira Qodirova vafot etgan xonaning videolari tarqalgan edi. Videoda xonada buyumlarning yerda yotgani va qon izlarini ko‘rish mumkin. Shirin Unalga ko‘ra, Qodirova o‘z joniga qasd qilgan. Qodirovaning yaqinlari, xususan, akasi Muhammadali Qodirovning bayon qilishicha, Nodira Qodirova qotillik qurboni bo‘lgan. Nodira Qodirovaning tanasidan esa Shirin Unalga tegishli bo‘lgan to‘pponchadan otilgan o‘q topilgan.
LiveBarchasi