Migrantning ayanchli qismati: Nodira Qodirovaning sirli o‘limiga bir yil to‘ldi

Tahlil

image

23 sentyabr. Bugun 23 yashar mehnat migranti Nodira Qodirovaning sirli o‘lim topganiga 1 yil to‘ldi. U xuddi shu kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida mamlakatning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan Buyuk Millat Majlisi deputati Shirin Unalning uyida vafot etgandi? Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qildimi yoki jinoyat qurboni bo‘ldi? U ruhiy xastamidi yoki o‘z joniga qasd qilishiga undagan boshqa muammolar bilan yuzma yuz keldimi? Nega ushbu holat bilan bog‘liq surishtiruvlar uning o‘limi qadar sirli va parda ortida? Bir yildirki, bu savollar ochiq qolmoqda. Bu bir o‘zbekistonlik mehnat muhojirining qismati. Bilganimiz, eshitganimiz... Bu mehnat migrantlarining chet elllardagi hayotidan bir parcha, xalos. 

Xo‘sh, aslida nima bo‘lgandi? 

4 yildan buyon Turkiyada istiqomat qilib kelayotgan Nodira Qodirova vafotiga qadar bir yil davomida Anqarada nafaqadagi sobiq harbiy xizmatchi, deputat Shirin Unalning uyida xizmatchi bo‘lib ishlagan. 23 sentyabr kuni uning xonasidan o‘q tovushi eshitiladi. Bu vaqtda deputat ham, uning qizi va xasta rafiqasi ham uyda bo‘lgan. Deputat Shirin Unal eshikni buzib kirganda, Nodira Qodirova yarador holatda yerda yotardi. Shundan so‘ng Qodirova shifoxonaga olib ketilgan. 

Shubhali taxminlar

Shirin Unalning uyida ikki o‘zbek ayoli oqsoch bo‘lib ishlagan. Nodira asosan genaralning doimiy e’tiborga muhtoj rafiqasiga yordamchi bo‘lgan.

“Singlimning o‘z joniga qasd qilishiga olib keladigan hech qanday sabab yo‘q edi. Yaqin kunlarda universitetga kirish imtihonlari uchun tayyorgarlikni boshlamoqchi edi. Bilishimcha, Nodira soat 08:48da deputat Unalga tegishli to‘pponchadan yuragiga o‘q uzgan. Bilkent shifoxonasiga joylashtirilgan singlimga shikoforlar yordam qila olishmadi. Ma’lum qilishlaricha, soat 09:50 da singlimning joni uzilibdi”, deydi marhumaning akasi Muhammadali Qodirov. 

23 yashar Nodira Qodirovaning akasi o‘z so‘zida davom etarkan, sud-tibbiy ekspertizasi shubhali ravishda juda tez amalga oshirilgani, xulosani allaqachon berishganini aytadi:

“Singlim 4 yildan buyon Turkiyada yashayotgan edi. Hech qanday muammosi yo‘q edi. Uning o‘z joniga qasd qilishi bizni hayratda qoldirdi. Sud-tibbiy ekspertizasi deputatning aralashuvi bilan juda tez tamomlandi”.

Nodira Qodirovaning jasadi 25 sentyabr kuni soat 22:00 dagi reys bilan O‘zbekistonga olib kelindi.

Muhammadali Qodirov suiqasd bo‘yicha OAVga bergan ma’lumotida, sud-tibbiy ekspertiza juda tez o‘tkazilgani va bu yuzasidan yetarli gumonlari borligini ma’lum qilgan. Uning qayd etishicha, Qodirovaning oila a’zolariga uning o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq hech qanday ma’lumot berilmagan. 

Qodirovaning dugonasi nima degan edi?

Nodira Qodirovaning dugonasi Laylo Niyozova Turkiyaning "Jumhuriyat"gazetasiga telefon orqali marhuma bilan so‘nggi suhbatida nima haqida gaplashganini gapirib bergandi.

"22 sentyabrdan 23 sentyabrga o‘tar kechasi dugonam Nodira menga qo‘ng‘iroq qildi. Biz ikki soat davomida gaplashdik. U tinmay yig‘lab, hamma narsadan charchaganini, to‘yib ketganini bot-bot takrorladi. Hatto, o‘z joniga qasd qilishini ham aytib o‘tdi. Shunda men qo‘ymay sababini so‘raganimda, ikki hafta oldin yotgan xonasiga xo‘jayini kirib, eshikni ichkaridan qulflab, unga yopishganini va xo‘jayinning to‘pponchasini o‘qi bilan topib olganini aytdi. Dugonamning bu gaplarini hazilga yo‘ydim. Bunaqa bo‘lishi umuman xayolimga ham kelmagandi", dedi Laylo Niyozova.

Laylo Nodirani fohishalikka undaganmidi?

Prokuratura deputatning uyida o‘lik holda topilgan o‘zbekistonlik bo‘yicha surishtiruv boshlagandi. Mazkur surishtiruvda prokuror Qodirovaning fohishalik bilan shug‘ullanganini taxmin qildi. 

“Jumhuriyat” gazetasining xabar berishicha, turk prokurori Laylo Niyozovadan ko‘rsatma olish asnosida undan: “Dugonangizni fohishalikka undaganmidingiz?”, deb so‘ragan.

Laylo prokurorning bu gumonini rad etgan

“Men go‘yoki Nodirani fohishalikka undaganim yoki unga buning uchun sharoit yaratib berganim haqidagi da’volar noto‘g‘ri. Men Laleli tumanidan tekstil mahsulotlarini sotib olib, O‘zbekistonga yuborish bilan tirikchilik qilaman. Zarurat bo‘lsa, cheklarni ko‘rsatishim mumkin. Nodira hech qachon men yashayotgan uyda tunab qolmagan”, degan u.

Niyozova o‘z ko‘rsatmasida marhum dugonasi bilan bir muddat arazlashib, keyin yarashib olganini tan olgan.

“O‘rtamizdagi kelishmovchilikka go‘yoki men uni fohishalikka undaganim sabab bo‘lmagan. Chunki bunday narsa umuman bo‘lmagan”, deb tushuntirgan Laylo Niyozova.

Niyozovaning so‘zlariga ko‘ra, Nodira bilan bundan oldingi suhbatlarida dugonasi deputat unga yopishgani haqida gapirib bergan.

“23 sentyabrga o‘tar kechasi u menga telefon qilgandi. Biz ikki soat gaplashdik. U tinmay yig‘lardi. “Laylo, charchab ketdim, hammasidan to‘ydim”, dedi. Nima bo‘lganini so‘raganimda, gapirolmasligini aytib yig‘lardi. “O‘zimni o‘ldiraman”, deyayotgandi. Kimdir xafa qildimi, deb so‘radim. U esa siqilib ketganini aytdi.

17 sentyabrda oldimga kelmoqchi edi. Xo‘jayinining qizi ruxsat bermaganini aytdi. “Nimalar bo‘layotganini tushuna olmayapman”, dedi. Aytishini qat’iy talab qilganimdan keyin esa shunday dedi: “Ikki hafta oldin xonamda yotganimda, xo‘jayin kirdi, xonani eshigini qulflab, ort tomonimga kelib yotdi, meni quchoqladi”.

Tajovuz qildimi, deb so‘radim. “Yo‘q, tegmadi”, dedi-yu yig‘lab yubordi. “Orzularim so‘ndi, endi akamning yuziga qanday qarayman?”, dedi. Hech kimga aytmaslikka qasam ichishimni so‘radi.

“Uyda xo‘jayinning to‘pponchasini topib oldim. Bitta o‘qni poyabzalimga yashirib qo‘ydim”, dedi. Hayotida biron marta bo‘lsin pichoq saqlab yurgan qiz emasdi, shuning uchun uni hazillashyapti deb o‘yladim. Bunaqa qilishini umuman kutmagandim”, deb hikoya qiladi Laylo Niyozova.

Nodira Qodirovaning advokati ishdan bosh tortdi

Nodira Qodirova vafotidan ikki hafta o‘tar-o‘tmas uning advokati ushbu ishni olib borishdan iste’fo berganini ma’lum qildi. Bu haqda advokat Mujde Tozbey Erden Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi. 

“Xabaringiz bor, 23 sentyabr kuni deputat Shirin Unalning uyida o‘z joniga qasd qilgani aytilayotgan Nodira Qodirova oilasining vakilligini Dastlab bolalar va ayollar uyushmasi o‘z zimmasiga olgan edi. Nodiraning oilasi bilan 25 sentyabrda aloqa o‘rnata oldik va shunday buyon advokatlik faoliyatimizni olib bordik.

Bu vaqt ichida biz hech kimga bo‘yin eygmay, Nodiraning shubhali o‘limi bilan bog‘liq haqiqatlar yuzaga chiqishi va adolat qaror topishi uchun Nodiraning do‘stlari, OAV xodimlari, hamkasblarimiz va keng jamoatchilikning yordami bilan tergov-surishtiruv ishlarining apil-tapil tugatilishiga qarshi chiqib, Nodiraning shubhali vafoti haqida xabar berishga va bizni eshitishlariga harakat qildik.

Biroq, Nodiraning oila a’zolari bilan fikrlarimiz qarama-qarshi kelgani uchun, biz advokatlik vazifasidan iste’fo berishga qaror qildik. Bugundan boshlab, Nodiraning emas, balki Nodira singari xotin-qizlar uchun kurashishda davom etamiz.

Nodiraning fohishalik bilan shug‘ullanganmi yoki yo‘qmi, buni so‘rab, surishtirish tergov jarayonida marhumaning nomini bulg‘ash uchun qilingan harakatdir. Bu tergov yo‘nalishini o‘zgartirish va o‘zini oqlash uchun imkoniyat hozirlash demakdir”, degan edi Mujde Tozbey Erden.

Qodirovaning akasi bosh ko‘tardi

Qodirovaning janozasidan ikki hafta o‘tib, akasi Muhammadali Qodirov ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat bilan chiqdi. Uning qayd etishicha, Qodirovaning badanidan aytilganidek bir emas, balki ikkita o‘q izi topilgan. Bundan tashqari, u vahshiylarcha do‘pposlangan. Eng achinarlisi esa, sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazish davomida uning badani ko‘krak qismidan to qorin sohasigacha kesilgan, ichki a’zolari esa olib tashlangan. U o‘z murojaatida shunday deydi: 

“Janoza va bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin sizga qisqa ma’lumot bersam. Dafn marosimidan avval singlimni yuvintirdilar. O‘sha vaqt ko‘rganlarimga ishongim kelmayapti. Menga faqat o‘z joniga qasd qildi, tanasida bir dona o‘q izi bor deyishgandi. Ammo ular ikkita. Chap ko‘kragining ustida bir o‘q izi bor. Bel qismining orqasi, buyrak sohasiga ham o‘q uzilgan. Umumiy hisobda ikki marta o‘q uzilgan. O‘q otilgan qismlarni esa tikishgan. 

Temir yoki to‘pponchaning orqa tarafi bilan urishganmi, bilmadim, ammo singlimning bo‘yin sohasi ensa qismida ham zarba izlari bor edi. Bu vahshiylik. Inson zotiga xos ish emas. Ularni inson deyishga uyalyapman”.

Rasmiylar nima deydi?

Nodira Qodirovaning vafoti Turkiyadagi rasmiy idoralar rahbarlarini ham oyoqqa turg‘azdi. Oktyabr oyining birinchi o‘n kunligida Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu “CNN Turk” telekanaliga bergan intervyusida Qodirova bilan bog‘liq ishga to‘xtaldi. 

“Ushbu voqea haqida xabar topganim zahoti Anqara Ichki ishlar boshlig‘ini voqea joyiga yubordim. O‘sha kundan beri hammasini o‘zim nazorat qilib kelyapman. 

U o‘z joniga qasd qilmadi, o‘ldirildi deyishyapti. Ayni vaqtda bunday dalil yo‘q. Bu ishni yopdi-yopdi qilishni qo‘ya turing. Bunday masalalarga alohida e’tibor qaratish bizning tashabbusimiz bo‘ladi. Bu adolatdan tashqari, vijdon va insoniylik masalasi. 

Bunday holatlar qanday ishlar olib borilsa, voqea joyida qanday tekshiruv ishlari amalga oshirilsa, bu holatda ham xuddi shunday yo‘l tutilgan. Shunday bir vaziyatda qo‘l qovushtirib o‘tiramizmi? 

Keling, aybdorni dalilsiz qo‘lga olaylik-da, ishni sudga oshiraylik. Sizningcha, bu to‘g‘rimi?  

Sud-tibbiyot ekspertizasi qilindi, tegishli namunalar olindi. Faqat deputatning raqifasi skleroz xastaligiga chalingani sabab prokuratura uning so‘roq qilinmasligiga ruxsat berdi. Undan tashqari uydagi hammaga tegishli namunalar, ya’ni barmoq izlari olindi. Voqea joyi va vositalariga aloqador nimalar qilinishi kerak bo‘lsa, hammasi qilindi. Agar bu imi-jimida yopiladigan bo‘lsa, bizning insonligimiz, davlatning esa davlatligida ma’no qolmaydi”, degan edi Ichki ishlar vaziri Soylu.

Shirin Unal tilga kirdi

Avvaliga deputat Shirin Unal Nodira Qodirovaning vafoti haqida miq etmadi. Oktyabr oyida o‘tgan Parlament majlisida “Xalqlar demokratik partiyasi” deputati “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unalning uyida sodir bo‘lgan voqeani o‘rtaga tashladi. Shirin Unal mazkur masala yuzasidan ilk bor axborot berdi.

“Ikki hafta avval bizning uyimizda noxush hodisa ro‘y berdi. Bu qiz shu yilning yanvar oyidan buyon 20 yil davomida skleroz bilan xastalangan rafiqamga g‘amxo‘rlik qilgan ikki yordamchidan biri edi. So‘nggi ikki-uch oy davomida uning ruhiy muammolarini payqadik va  ikkinchi xodimni ishga oldik. Uni ishdan yo‘qotishga urindi, ammo bu o‘ziga nasib etdi. 

Voqea yuz berganidan 5 daqiqa o‘tib, politsiya, tez yordam va o‘t o‘chirish xizmati yetib keldi.Ular kelguncha, kichik qizim bilan u o‘z joniga qasd qilgan xonaning eshigini sindirishga harakat qildik. Biroq buni bajara olmadik, yelkam hali ham og‘riyapti. 

3-4 politsiyachi xona eshigini ochdilar. Ular uchta yoki to‘rtta politsiyachi bilan eshikni ochib,  marhumani shifoxonaga olib ketishdi. Yarim soatdan keyin Anqara Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va prokuror yetib keldi. Men ularning ikkisiga ham bu ishda qo‘limdan kelgancha yordam berishimni aytdim. 

Shu sababli, butun oilamiz, to‘shakka mixlangan rafiqam, ikkinchi xizmatchi qiz yarim tunga qadar politsiyaning so‘roqlariga javob berdik. Prokurorga 15 daqiqa davomida bo‘lib o‘tgan voqealarni sizga aytib berayotganimdek batafsil gapirib berdim. Keyin, prokuror shifoxonadagi ishlarni nazorat qilish uchun shiofoxonaga ketdi. Undan keyingi barcha ish politsiya va prokuraturaning nazorati ostida bo‘ldi. 

Men deputatlik daxlsizligimni chetga surib qo‘yib, shuni kuni barmoq izlarini olish jarayonida ham qatnashdim. Shu kuni buni SWAP deb atashlarini o‘rgandim. 

Albatta,  ilgari Turk Qurolli Kuchlari va Turkiya Buyuk Millat Majlisidagi faoliyatimdan norozi bo‘lgan ba’zi doiralar bundan foydalanib qolib, men va oilamni yer tagiga tiqishga harakat qilishmoqda. Alloh hech biringizning boshingizga bu kunni solmasin. Ayni vaqtda surishtiruv ishlari davom etmoqda. Men gardanimdagi barcha vazifani bajaraman”, degan edi Shirin Unal. 

Hilola O‘narboyeva kim?

2019 yilning noyabr oyida QALAMPIR.UZ’ning qo‘liga Nodira Qodirovaning vafoti bilan bog‘liq eksklyuziv ma’lumotlar kelib tushdi. 

Deputat Shirin Unal o‘z bayonotida o‘limidan bir necha oy avval Nodira Qodirovada ruhiy o‘zgarishlar kuzatilgani, shu bois uyga boshqa o‘zbek xizmatchi olingani haqida gapirgan edi. QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘licha, Nodira Qodirova vafot etgan xonadonda ishlagan ikkinchi xizmatchi 1995 yilning 20 martida tavallud topgan o‘zbekistonlik Hilola Mahmudjon qizi O‘narboyeva bo‘lgan. 

Ma’lumki, Nodira Qodirova vafot etgan kechada politsiya qoidaga ko‘ra, uyga kelib, xonadon egalari va uydagi xizmatchilarni so‘roqqa tutgan. Bular orasida Hilola O‘rinboyeva ham bo‘lgan. U bilan suhbat jarayonida politsiya Hilolaning Turkiyada bo‘lib turishi uchun belgilangan vizasiz rejim muddati tugaganini payqamagan. OAVning qayd etishicha, payqagan bo‘lsa ham Shirin Unalning bosimi ostida bu qonunbuzarlik ekani va qonun peshvosi – Shirin Unalning uyida huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yilayotganini ko‘z yumilgan. 

Holbuki, vafot etgan 23 yashar Nodira Qodirovaning ham mamlakatda vizasiz bo‘lishi muddati tugaganiga ancha bo‘lgan. Biroq, uning o‘limiga oid hujjatlar, hech bir tergov materiallarida Qodirova va O‘narboyevaning vizasiz Turkiyada bo‘lib turgani qayd etilmagan. Qolaversa, ikkisining ham ishlash huquqini beruvchi hujjati (Çalışma izni) yoki yashash huquqini beruvchi hujjati (İkamet izni) bo‘lmagan. Bu hech shubhasiz qonun buzilishi bo‘lib, bunda ishchi ham, uni uyida ishlatgan uy egasi ham 18 000 ming turk lirasi yoki 3128 AQSH dollari (05.11.2019dagi kurs bo‘yicha) jarima to‘lashi kerak. Shunda ham jarima bilan ish yopdi-yopdi bo‘lmaydi, aksincha, hujjatsiz ishlaganlar mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Hilola O‘narboyevaga kelganda bu qonunlar ishlamagani ko‘riladi. Biroq, Qodirova vafot etib, yarim tunda politsiyaning surishtiruvlari tugagach, 24 sentyabr kuni Hilola O‘narboyeva bilan bog‘liq shubhali hodisa ro‘y beradi. Gap shundaki, shu kuni Anqara ko‘chalarida ketayotgan Hilola O‘narboyeva shubhali xatti-harakatlari sabab politsiya xodimlari tomonidan to‘xtatiladi. Avvaliga tintuv o‘tkaziladi, so‘ng pasporti olinadi. Kompyuter orqali unga oid ma’lumotlar tekshirilganda, mamlakatda vizasiz bo‘lish muddati ancha o‘tib ketgani, noqonuniy ravishda yashab kelayotgani aniqlanadi. Hujjatlar rasmiylashtiriladi. Oradan uch kun o‘tib, Hilola O‘narboyeva nomiga “mamlakatni tark etishga da’vat qarori” beriladi. Unda esa tark etish muddati 16 kun ekani ma’lum qilinadi. Bu holatda na O‘narboyevaga va na uni noqonuniy ravishda uyida saqlagan deputat Shirin Unalga jarima tayinlanadi.

Hujjatlashtirishning shubha ostida ekani, Hilola O‘narboyevaning vizasiz yashab kelayotganini uy eshigiga, jinoyat holati sabab kelgan politsiya emas, balki ko‘chadagi mirshabning payqashi, deport qarori chiqarilgandan 16 kun o‘tib ham, u hamon deputatning uyida yashab kelayotgani “Shirin Unal istasa Hilolani mamlakatdan quvib chiqaradi, istasa olib qoladi”, qabilidagi gaplarni keltirib chiqardi.

Turkiya elchisi TIVga chaqirtirildi

2019 yilning 8 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri  o‘rinbosari Dilshod Axatov Turkiya Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Er Mehmet Surayyani joriy yil 23 sentyabr kuni Anqara shahrida O‘zbekiston fuqarosi Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga tushuntirish olish uchun taklif qildi.

Elchi tergov ob’ektiv olib borilishi, O‘zbekiston tomoni esa tezkor va muntazam tarzda tergovning borishi va natijalari to‘g‘risida xabardor qilinishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Prokuraturasi nega jim?

QALAMPIR.UZ 2020 yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda aynan shu voqeani esladi. Nodira Qodirova va dunyoning turli burchaklarida vafot etayotgan o‘zbekistonliklar bo‘yicha Bosh prokuratura nima uchun xorijiy mamlakatlar huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik o‘rnatmayapti? O‘zbekistonliklar chet elda shunchaki o‘lib ketaveradimi?

Svetlana Ortiqova ushbu savollarga javob berarkan, xorijiy mamlakatlar prokuraturalari bilan hamkorlik yo‘qligi, shartnoma imzolanmaganini ochiqladi.

Ishning oxiri nima bo‘ldi? 

Joriy yilning fevral oyida – voqeada yuz berganidan besh oy o‘tib, sud-tibbiyot ekspertizasi natijalari e’lon qilindi. Turkiya prokuraturasi tomonidan to‘ldirilgan hisobotlarda o‘q Qodirovaning ko‘krak qafasidan 5-6 santimetr balandlikka otilgani yozilgan. Hisobotda holat “o‘z joniga qasd qilish” deya baholangan. Shu bois Qodirovaning vafoti bo‘yicha ochilgan ish yopilib, tergov-surishtiruv harakatlari tugatilgan.

Anqara prokuraturasi tomonidan qabul qilingan so‘nggi qarorda, Nodira Qodirovaning o‘z joniga qasd qilgani, uni o‘zini o‘ldirishga majburlagan, uni o‘z joniga qasd qilishga undagan, buni qo‘llab-quvvatlagan yoki unga yordam bergan shaxs yoki shaxslarning topilmagani aytiladi. 

Shuningdek, sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga ko‘ra, uning tanasida jinsiy zo‘ravonlik belgilari aniqlanmagan. Uning kundaligi va vafotidan ikki kun avval qoldirgan maktubida o‘z joniga suiqasd qilishi yozilgani ma’lum qilindi.

Tergov xulosalarida qayd etilishicha, Qodirovaning o‘limida ishlatilgan Baretta rusumidagi qurolda barmoq izlari aniqlanmagan. 

Ishga doir hujjatlarda Nodira Qodirovaning qo‘lida ham to‘pponchadan otilgan o‘qning qoldiqlari, zarrachalari aniqlanmagani qayd etilgan. 

“Jumhuriyat” partiyasi vakili Alijon Uludog‘ bergan ma’lumotlarga qaraganda, to‘pponchadan otilgan o‘q Italiyada ishlab chiqarilgan Baretta 92S rusumli yarimavtomat to‘pponchadan otilgan. Bu ma’lumotlar rasmiy bo‘lib, ular Anqara politsiya boshqarmasining Jinoyat ishlarini tekshirish bo‘limi Barmoq izlarini aniqlash byurosi hujjatlarida keltirilgan.

Joriy yilning may oyida Nodira Qodirovaning advokati ushbu ishni sudga tortmaslik to‘g‘risidagi prokuratura tomonidan qabul qilingan qaror ustidan apellyatsiya berdi, ammo u rad etildi. Shundan keyin advokat Do‘g‘an hujjatni Konstitutsiyaviy sudga topshirgan.

Uning aytishicha, hujjat hali ham Konstitutsiyaviy sudning dastlabki tergov bosqichida va u hamon qaytadan ko‘rib chiqish bosqichiga o‘tkazilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Nodira Qodirova

Baholaganlar

427

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing