Nodira Qodirova masalasida O‘zbekiston tomoni tilga kirdi
Olam
−
04 yanvar 2021
59069Xabaringiz bor, 2019 yilning 23 sentyabr kuni o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirova Turkiya Buyuk Millat Majlisining “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan istanbullik deputati Shirin Unalning poytaxt Anqaradagi uyida o‘lik holda topildi. Oradan bir yil o‘tib, uning o‘limi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi allaqachon yopilgani ma’lum bo‘ldi.
QALAMPIR.UZ bu masalani kuzatib kelyapti. Qodirovaning o‘limi yuzasidan O‘zbekiston tomoni qanday choralar ko‘rgani haqida turli darajadagi mas’ullardan ham izoh oldik.
O‘tgan yilning, 24-26 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, BMTning Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkiloti (MXT) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan OAV va blogerlar uchun odam savdosi, majburiy mehnat va gender tengligi masalalarida muvofiqlashtirilgan forumida migrantlar huquqlarini himoya qilish, ularning Vatanga qaytishidagi muammolar va berilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z bordi.
Gap migrantlar haqida borarkan, O‘zbekiston tomoni miq etmay turgan Nodira Qodirova o‘limi bilan bog‘liq masala yodga keladi. QALAMPIR.UZ muxbiri Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillayevga Nodira Qodirova masalasida qanday surishtiruvlar o‘tkazildi, degan savol bilan yuzlandi.
“Fuqaro qayerda bo‘lishidan qat’i nazar uning o‘limi – fojia. Nodira Qodirovaning o‘limidan keyin ham deyarli bir yildan ortiq vaqt o‘tdi. Bu haqda OAV keng yoritdi. Oktyabr oyida Turkiyaning inson huquqlari instituti vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazildi va ushbu yig‘ilishda Qodirova masalasini ularga eslatdik. Bundan tashqari, dekabr oyida ham Turkiya davlati Ombudsmani bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Turkiyaning bosh Ombudsmaniga bu haqda aytganimizda, Turkiya qonunchiligiga asosan sud bu masalani mustaqil hal qilishini, sudning yakuniy qarorlariga ombudsman aralasha olmasligini aytdi”, deydi Mirzatillo Tillayev
Tillayev hozirgi kunda O‘zbekiston tomonidan migrantlarni Vatanga olib kelish, ular bilan bog‘liq barcha masalalarni nazoratga olganini ta’kidlar ekan, bir savol paydo bo‘ladi: O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlatda o‘lik holda topilsa, Turkiyadagi mahalliy matbuot buni keng yoritsa, Turkiya ombudsmani sud ishiga aralasholmasligini aytsa, nahotki, O‘zbekiston tomoni o‘z fuqarosini himoya qilish uchun qayta va qayta so‘rov yuborishi yoki hech bo‘lmaganda, O‘zbekiston tomonidan birgina vakil qatnashib, uni nazoratga olishi mumkin emas?
“Sud majlisida qatnashish ba’zida ochiq, ayrim hollarda yopiq tartibda bo‘ladi. Har bir davlatning o‘z qonun-qoidalari bor. Masalan O‘zbekistonda aksar ishlar ochiq tartibda ko‘rib chiqiladi. Lekin ayrim ishlar borki, yopiq tartibda bo‘ladi va sud majlisida qatnashish sudyaga bog‘liq. Bizdagi kabi amaliyotlar xorijiy davlatlarda ham bor: qayta-qayta murojaat qilish, so‘rov yuborish. Lekin men aytib o‘tganimdek, bizning asosiy vazifamiz xalqaro majburiyatlarni bajarish. Bizga murojaatlar kelsa, ularga huquqiy yordam beramiz”, deydi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori birinchi o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Nodira Qodirova vafot etgan xonaning videolari tarqalgan edi. Videoda xonada buyumlarning yerda yotgani va qon izlarini ko‘rish mumkin. Shirin Unalga ko‘ra, Qodirova o‘z joniga qasd qilgan. Qodirovaning yaqinlari, xususan, akasi Muhammadali Qodirovning bayon qilishicha, Nodira Qodirova qotillik qurboni bo‘lgan. Nodira Qodirovaning tanasidan esa Shirin Unalga tegishli bo‘lgan to‘pponchadan otilgan o‘q topilgan.
LiveBarchasi