Turkiya Ukrainaga kemalarini berishga tayyor – Akar

Olam

image

Turkiya Ukrainaning Mariupol shahridan tinch aholi va yaradorlarni dengiz orqali evakuatsiya qilishni tashkil etish uchun kemalar berishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusiy Akar ma’lum qildi, deb yozadi “Anadolu”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turk tomoni bu masalada o‘z harakatlarini Ukraina va Rossiyaning tegishli tuzilmalari bilan muvofiqlashtirmoqda.

"Anqaraning evakuatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi Rossiyaning Turkiyadagi harbiy attashesiga havola etildi, u bizning mudofaa departamentimizga taklif qilindi. Xuddi shunday tashabbus Rossiya hukumati va Turkiyaning Moskvadagi harbiy attashesi orqali ham o‘tkazildi. Biz ham muvofiqlashtirmoqdamiz. Ukraina hukumati bilan bu mamlakatdagi harbiy attashe orqali harakat qilamiz”, dedi Akar.

Turkiyalik vazir mamlakati Ukraina xalqiga gumanitar yordam yetkazishda davom etayotganini qayd etdi.

Turkiya Mudofaa vazirligi rahbari so‘nggi haftalarda ukrainalik va rossiyalik hamkasblari Aleksey Reznikov va Sergey Shoygu bilan bir necha bor telefon orqali gaplashganini esladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Istanbulda Reznikov bilan ham shaxsiy uchrashuv o‘tkazgan.

“Qon to‘kilishini oldini olish va barqarorlikni tiklash uchun zudlik bilan sulh e’lon qilish muhim” degan Akar.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

7

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing