To‘qnashuvlar tufayli 264 ming aholi G‘azodan bosh olib ketdi
Olam
−
11 Oktabr 2023 4375 2 daqiqa
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar boshlanganidan beri G‘azo sektorida yashovchi deyarli 264 ming falastinlik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Bu haqda BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uyini tashlab ketgan 264 ming kishidan 175 ming 486 nafari falastinlik qochqinlarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan BMTning Yaqin Sharq agentligining maxsus muassasalaridan boshpana izlamoqda.
BMT G‘azo sektoridagi uylarini tark etishga majbur bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni oxirgi marta 10 oktyabr kuni taqdim etgan edi. Unda yashash joyini tashlab ketganlar soni 187 ming etib ko‘rsatilgan.
Boshqarmaga ko‘ra, mintaqada majburiy ko‘chirilganlar soni bundan keyin ham oshib boradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Oldinroq AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Charlz Braun Eronni Isroildagi mojaroga aralashishi oqibatlaridan ogohlantirgandi. NBC telekanali esa Amerika ma’muriyati Ukraina uchun qo‘shimcha moliyalashtirish va Isroilga yordam so‘rovlarini birlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi.
Live
Barchasi